Assalomu alaykum, hurmatli kuzatuvchilar!
E’tiboringizga, "Turonbank" aksiyadorlik tijorat bankining "Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir ishlari" mavzusida va bu bo‘yicha qilingan ishlar haqida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Turonbankda tashabbuskor yoshlarni doim qo‘llab-quvvatlash, ommaviy tadbirlar hamda jamoat ishlarida ularning faolligini oshirish, yoshlarning bilimlariga tayangan holda muammolarni bartaraf etish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish an’anaga aylangan.
Bugungi kunda Turonbank tizimida 1480 nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 35 foizini yoshlar tashkil etadi va "Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Yo‘l xarita" tasdiqlangan.
Oliy o‘quv yurtida o‘qish davridayoq bank jamoasiga qo‘shilib, yetarli tajriba va ko‘nikma hosil qilgan intiluvchan yoshlarning salkam 100 nafarga yaqini bugun departament direktori, boshqarma va bo‘lim boshliqlari kabi quyi hamda yuqori bo‘g‘in rahbarlari sifatida ishlab kelmoqda.
Hozirgi kunga qadar mazkur loyiha doirasida 300 nafardan ziyod talabalar qamrab olingan va ular "Turonbank" tizimining turli bo‘linmalarida mehnat qilishda davom etmoqda.
2022-yildan boshlab "Turonbank stipendiyasi" eksklyuziv loyihasiga start berilib, uning doirasida oliy ta’lim muassasalarida moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan eng iqtidorli, oliy ta’lim muassasalariga yuqori ball to‘plab o‘qishga qabul qilingan yoshlar tanlab olinib, o‘qish yakuniga qadar ularga har oylik maxsus stipendiya joriy etilgan.
Oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyalashuv tadbirlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida "Turonbank" Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti", Milliy tadqiqot universiteti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti bilan hamkorlikda maxsus o‘quv eksperimental baza sifatida Smart o‘quv xonalarni tashkil qilgan.
Turonbank xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida "Zakovat intellektual klubi" nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda "Zakovat" intellektual o‘yinlari 2022-yildan bugunga muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi keng ko‘lamli ishlarga Turonbank ham o‘z hissasini qo‘shish maqsadida xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va turli sport musobaqalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratadi.
Jumladan, xodimlar orasida shaxmat-shashka, suzish, stol tennisi va futbol singari sport turlari bo‘yicha turnirlar o‘tkazish Turonbankda an’ana tusiga kirgan. 2024-yil davomida o‘tkazilgan sport musobaqalarida, xususan, stol-tennisi bo‘yicha 60 nafar, shaxmat-shashka o‘yinlarida 55 nafar, suzishda 60 nafar, futbolda esa 200 nafarga yaqin xodimlar ishtirok etgan.
"Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2024-yil davomida 12 marotaba "Yangi O‘zbekiston bog‘i", Toshkent viloyatining tog‘oldi turistik maskanlari hamda Samarqand, Buxoro, Xiva singari ko‘xna va tarixiy shaharlarga bankning 600 dan ortiq xodimlari uchun sayohatlar uyushtirildi.
Turonbank tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida "Ustoz AI" loyihasi amalga oshirilmoqda va unga asosan 2 milliondan ortiq yoshlarimizga zamonaviy kasblar va fanlarni bepul o‘rgatishni maqsad qilingan.
Yoshlarimiz orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida "Turonbank" ATB tomonidan poytaxtimizning 10 dan ortiq mahallalarida kutubxonalar tashkil etilib, ular umumiy hisobda 3000 donaga yaqin turli janrlardagi badiiy, ilmiy va jahon adabiyotining durdona asarlardan iborat kitoblar bilan ta’minlandi. Ayni dam har bir mahallada 70-100 nafardan ziyod kitobxonlar kutubxonada mavjud kitoblarni mutolaa qilib kelmoqda.
"Ustoz AI" loyihasining keng qamrovli taqdimot marosimi joriy yilning 3-avgust kuni Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha doirasida Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 20 ga yaqin sohalarni qamrab oluvchi 350 dan ortiq videodarsliklar yaratiladi, bugungi kungacha 156 mingdan ortiq yoshlar loyiha doirasida bepul bilim olishni boshladi.
Har yili "Global Money Week" haftaligi va "Butunjahon jamg‘arish kuni" munosabati bilan aholi, xususan, yoshlar va maktab o‘quvchilari orasida turli tadbirlar, bank xodimlari bilan uchrashuvlar hamda tanlovlar o‘tkazilib 2000 nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi. Shuningdek, YouTube platformasidagi "Turonbank Media" sahifasi orqali moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarning xususiyatlarini yoritib beruvchi videomateriallar joylab borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, "Turonbank" Uchinchi Renessans poydevorining bunyodkorlari bo‘lgan bugungi kun yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari hamda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida yangi loyihalarni amalga oshiradi hamda kelgusi 2025-yil – "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot" yilida ham mamlakatimiz moliya bozorining rivoji uchun yoshlar bilan birgalikda o‘zining munosib hissasini qo‘shishda davom etadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!