“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi.
Mazkur qonun jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini kafolatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Omonatlarni kafolatlash tizimi kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Agentlik tomonidan omonatchilarga kompensatsiyalarni to‘lash orqali omonatchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Bank, shu jumladan mikromoliya banki va qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan oraliq bank litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran kafolatlash tizimining ishtirokchisiga aylanadi.
Bir bankda bir omonatchiga to‘lanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:
kafolatlash obyekti qoldig‘ining to‘liq hajmini, agar uning miqdori 200 million so‘m yoki undan kam bo‘lsa;
200 million so‘mni, agar kafolatlash obyektining qoldig‘i 200 million so‘mdan ko‘p bo‘lsa.
Shuni aytish kerakki, kafolatlangan omonat miqdori 200 mln so‘mni tashkil etadi degani, bankka undan ko‘proq pul qo‘yish mumkin emasligini anglatmaydi. Aksincha pullarni bankda saqlash, ularni uyda saqlashdan ancha xavfsiz va manfaatli.
Omonatni bu miqdorda kafolatlash esa faqatgina bank tugatilgan taqdirdagina qo‘llaniladi, aks holda banklar omonatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnoma asosida bajaraveradi.
Kompensatsiya to‘lab berish muddatlariga ham to‘xtalib o‘tsak. Yangi qonun qabul qilinguncha omonatlarni qaytarib berishni boshlash muddati 83 kunni tashkil etardi, endi esa bu muddat 20 ish kunni tashkil etadi va bosqichma bosqich 7 ish kuniga qisqartiriladi.
Bundan tashqari, endilikda faqat aholining emas, balki tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning ham omonatlari kafolatlanadi.
Qonun matni bilan batafsil quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://lex.uz/uz/docs/7389404
25 Fev 2025