Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha I chorak sarhisobi!
“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan joriy 2024-yilning I choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili.
Yanvar – mart oylarida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 258 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, bu 2023-yilning shu davri bilan solishtirganda 103 taga yaʼni 66,4%ga koʻp boʻldi. Murojaatlarning 206 tasi (79,8%) — elektron, 31 tasi (12%) — yozma hamda 21 tasi (8,1%) — ogʻzaki shaklda moliya muassasasiga yuborilgan.
Kelib tushgan murojaatlar asosan bankning bevosita faoliyati, xususan, kredit ajratish jarayonlari va koʻrsatilayotgan boshqa xizmatlar yuzasidan maʼlumot olish maqsadida yuborilgan. Ularning 149 tasi yaʼni 57,8 foizi ijobiy yechim topgan hamda qanoatlantirilgan. Qolganlari boʻyicha esa meʼyoriy hujjatlar asosida tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan 1220 qisqa raqami ostidagi aloqa markazi joriy yilning I choragida jami 52 ming 314 ta qoʻngʻiroqlarni, telegram bot va onlayn chat orqali 2 mingga yaqin murojaatlarni qabul qildi hamda ularning soʻrovlariga javob berdi. Ularda asosan chakana kreditlar, omonatlar, korporativ kreditlar va boshqa bank xizmatlari haqida soʻralgan.
Qolaversa, 2024-yilning I choragida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tadbirkorlar virtual ofisi axborot portali, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Turonbankning “Ishonch telefonlari” orqali jami 227 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ular ham oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, bevosita “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruviga ham chakana xizmat koʻrsatish, muammoli aktivlar bilan ishlash, Kichik va oʻrta biznes kabi bir qator yoʻnalishlar boʻyicha 31 ta yozma murojaat kelib tushgan hamda ularga tegishli koʻrinishda javob xatlari yuborilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, 2024-yilning I choragi davomida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan barcha turdagi murojaatlarni koʻrib chiqilishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga toʻliq rioya etgan holda va uning doirasida amalga oshirdi.
Xususan, murojaatlarda koʻtarilgan masalalar joyiga chiqqan holda oʻrganilib, fuqarolar bilan bevosita uchrashlar tashkil etildi. Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ijobiy hal etish yoki istisno qilish imkoniyati mavjud boʻlmagan murojaatlarga qonuniy va toʻliq asoslantirilgan javob xatlari yuborildi.