Poytaxtimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab ular uchun qulay shart sharoitlar yaratish maqsadida “Turonbank” ATB bosh ofisida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi hamda Yunusobod tumani hokimi boshchiligida o‘tgan uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, mazkur tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va endi o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar hamda aylanma mablag‘larini yana-da kengaytirish istagida bo‘lgan biznes vakillarining muammolari va takliflari tinglandi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar "Turonbank" ATB tomonidan biznes vakillari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan qiziqib, o‘z faoliyatlarini kengaytirish maqsadida kredit rasmiylashtirish bo‘yicha takliflar bilan chiqishdi. Bu takliflar ko‘rib chiqilib, imtiyozli kreditlardan foydalanish yo‘llari, kredit to‘lovlari va bank bilan hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Turonbank aksiyadorlik tijorat banki tomonidan taqdim etilayotgan kreditlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Istiqbolli g‘oyalarni ilgari surib, yangi ish o‘rinlarni yaratish maqsadida bo‘lgan tadbirkorlarning biznes loyihalari ham qo‘llab quvvatlandi. Tadbir davomida tadbirkorlarning qo‘llab quvvatlanishi aholini yuqori daromadli mehnatga jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
O‘z navbatida tadbirkorlar amaliyotda yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar borasida ham so‘z yuritishdi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilib, har bir murojaat bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.