Yillar davomida toblangan tajriba o‘z so‘zini aytdi
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori bank-moliya tizimi ham jadallik bilan ravnaq topib bormoqda. Ushbu soha vakillari xalq ichiga kirib, ularning orzu-havaslari, yashash tarzi bilan yaqindan tanishmoqda. Eng muhimi, ularga imtiyozli kreditlar hamda boshqa moliyaviy xizmatlar taklif etilmoqda. Bundan ruhlangan yurtdoshlarimiz o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatlarini boshlab, xalqimiz farovonligi va yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilib kelmoqda. Ushbu jarayonlarda “Turonbank” ATBning o‘rni va salohiyati ham kundan kun yuksalib, ishbilarmon yurtdoshlarimizning eng yaqin ko‘makchisi va suyanchiga aylanib bormoqda.
Vaqt davomida sinalgan ishonch!
So‘nggi yillarda bank-moliya tizimini yana-da isloh qilish, aholiga har jihatdan zamonaviy xizmat ko‘rsatish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, sohaga hozirgi zamonda bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish, xususiy va xorijiy kapital hisobidan davlat banklari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish, kreditlash sifati va madaniyatini har tomonlama yuksaltirish, yangi moliyaviy instrumentlarni ishga tushirish va ilg‘or axborot texnologiyalari asosida bank tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mamlakatimiz moliya bozorida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab borayotgan “Turonbank” ATB ham 2019-yilni kutilgandan-da ijobiy natijalar bilan yakunladi. Ya’ni bank ustav kapitalini oshirish, resurs bazani mustahkamlash, aktivlar sifatini yaxshilash, jalb qilingan mablag‘larni investitsiya maqsadlariga, birinchi navbatda iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirishga qaratilgan samarali ishlar bajarildi.
Moliya muassasasining jami kapitali 2020-yil 1-yanvar holatiga 1,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 198,4 milliard so‘mga yoki 22,2 foizga oshganidan dalolat beradi. Shuningdek, bank aktivlari qariyb 6 trillion so‘mga yetganini katta mamnuniyat bilan aytish mumkin.
“Turonbank” ATB krediti yangi brendlarga asos solmoqda
Bankning 2019-yil davomidagi kreditlashga oid faoliyati iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirishga qaratildi. Xususan, joriy yilning 1-yanvar holatiga bankning jami kredit quyilmalari 4,26 trillion so‘mni tashkil qilib, shundan 365,03 milliard so‘mi qisqa muddatli kreditlardan va 3,9 trillion so‘mi uzoq muddatli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Jami kreditlar qoldig‘ining 3,8 trillion so‘mi (90,6 %) yuridik shaxslar va yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlariga va 402,2 milliard so‘mi (9,4%) jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda. Yuridik shaxslar va yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kredit qo‘yilmalari qoldig‘ining 1,6 trillion so‘mi (37,1%) sanoatga, 598,4 milliard so‘mi (14,1%) qishloq xo‘jaligiga, 198,1 milliard so‘mi (4,6%) transport va kommunikatsiya sohasiga, 525,7 milliard so‘mi (12,3%) qurilish sohasiga, 390,6 milliard so‘mi (9,2%) savdo sohasiga, 39,3 milliard so‘mi (0,9%) uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasiga hamda 529,7 milliard so‘mi (12,4%) iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ajratilgan.
Shu o‘rinda kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilgan ishlarni ham keltirib o‘tish joiz. Tahlillarga ko‘ra, “Turonbank” ATB tomonidan o‘tgan 2019-yil davomida ishbilarmonlarga 1,9 trillion so‘m kredit ajratildi. Ushbu jarayonda mikrokreditlar ajratishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida jami ajratilgan moliyaviy ko‘maklarning 230,2 milliard so‘mi mikrokreditlardan iborat bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘tgan yilda iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida texnologik uskuna, xom ashyo va materiallar sotib olish uchun ham oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga 435,6 milliard so‘m, nooziq ovqat mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga esa 314,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Qolaversa, ko‘rilayotgan davrda ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 147,1 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishga 64,0 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
Investision loyihalarni moliyalashtirish — ustuvor maqsad
“Turonbank” ATB mijozlarga yana-da kattaroq hajmdagi moliyaviy amaliyotlarni ko‘rsatish strategiyasini ishlab chiqdi va bu orqali rentabellikning barqaror darajasiga erishib, xatarlarni boshqarish tizimini optimallashtirdi. Natijada yangi imij yaratishga erishgan bank iqtisodiyotning real sektorlarini moliyalashtirish hajmlarini kengaytirib, mijozlar sonini yana-da oshirdi.
2019-yilda 202,0 million dollar miqdorida xorijiy kredit liniyalari mablag‘lari jalb qilingan bo‘lib, shundan hukumat kafolati ostida 130,5 million dollar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida esa 51,5 million AQSh dollari o‘zlashtirildi. Ularning manbalari esa Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xitoyning Eksimbanki, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, “Gazprombank”, Xususiy sektorni rivojlantirish va Xalqaro islom savdoni moliyalashtirish korporatsiyasidir.
Shu bilan birga, bank tomonidan hukumat kafolati asosida Xitoyning Eksport-import bankidan 209,9 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilingan bo‘lib, mazkur loyiha doirasida mablag‘lar “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi 14 ta GESlarni modernizatsiya qilish, yangi kichik GESlarni qurish maqsadlari uchun 94,4 million AQSh dollari o‘zlashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda, “Turonbank” ATB tomonidan 2019-yilda jami 1,9 trillion so‘m miqdorida investision kreditlar ajratildi.
Bugungi kunda, bank tomonidan 174 ga yer maydonida limon yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha 60 ta loyihaga xorijiy kredit liniya mablag‘lari hisobidan 43,4 million dollari miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoniga muvofiq yuklatilgan topshiriqlarga asosan hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2019-yilda jami 226 ta loyihani moliyalashtirish uchun 656,6 milliard so‘m miqdorida bank krediti ajratilgan.
Har bir oilaning tadbirkorligiga qo‘shilgan hissa
“Turonbank” ATB aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirgan ishlari haqiqatan ham e’tirofga loyiq. Boisi “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida o‘tgan yil davomida aholi va kichik biznes subyektlariga jami 157,1 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Shundan, 312 nafar tadbirkorga 43,6 milliard so‘m, 7 116 nafar jismoniy shaxslarga 113,5 milliard so‘mlik kreditlar berildi.
Ushbu 157,1 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlarning 1,3 milliard so‘mi baliqchilikka, 23,4 milliard so‘mi issiqxona tashkil qilish uchun, 2,3 milliard so‘mi quyonchilik sohasiga, 17,9 milliard so‘mi quychilikni rivojlantirishga, 13,8 milliard so‘mi parrandachilikni tashkil qilishga, 16,4 milliard so‘mi tikuvchilikka, 1,6 milliard so‘mi bog‘dorchilik sohasi uchun, 37,0 milliard so‘mi ishlab chiqarishni taraqqiy ettirishga, 5,3 milliard so‘mi asalarichilikka, 36,9 milliard so‘mi qoramolchilik sohasiga, 1,1 milliard so‘mi esa boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirildi. Birgina bu emas. Tadbirkorga mablag‘ ajratilgach, ularning ishlari toki rivoj topgunicha bankning diqqat markazida bo‘ldi. Yoyinki, tadbirkor yetishtirgan hamda ishlab chiqargan mahsulotlariga yurtimiz va xorij borzorlaridan xaridor, bozor topishga ko‘maklashdi. Yana shuki, tadbirkor daromadga kirmaguncha ularga kredit so‘ndirishning imtiyozli davri belgilab berildi.
Ipoteka, iste’mol va aholi tadbirkorligi yo‘lida ehtiyojlar qondirilmoqda
Davlatimiz rahbarining hududlarga amalga oshirayotgan tashriflari chog‘ida berilayotgan vazifalar va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga asosan “Turonbank” ATB aholi farovonligini yana-da yuksaltirish yo‘lida izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, o‘tgan yil davomida fuqarolarga uy-joy sotib olish uchun jami 75,0 milliard so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak berildi. Shundan 3,8 milliard so‘mi “Yosh oila”lar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, yurtdoshlarimizning ehtiyojlarini qondirish maqsadida taqdim etilgan iste’mol kreditlari ham yuqoridagi fikrimizning mantiqiy davomidir. 2019-yil yakuni bo‘yicha shu turdagi kreditni rasmiylashtirgan 3 719 nafar mijozga bank tomonidan 74,5 milliard so‘mlik mablag‘lar ajratildi. Avtotransport vositalarini xarid qilish istagida bo‘lganlarga ham bank tomonidan yaqindan ko‘mak ko‘rsatilib, 553 nafar fuqaroning orzusini ro‘yobga chiqardi. Ularga umumiy miqdorda 32,7 milliard so‘mlik avtokreditlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmat turlarini kengaytirish maqsadida, 2019-yil davomida 4 341 nafar mijozga 25,6 milliard so‘m miqdorida (shundan 1 117 ta mijozga jami 960,8 million so‘m mobil ilova orqali onlayn tarzda) mikroqarz ajratildi. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 871 nafar talabalar uchun 5,1 milliard so‘m ta’lim kreditlari ajratildi. 2019-yil 30-dekabr holatiga ko‘ra, ta’lim kreditlari qoldig‘i 7,8 milliard so‘mni tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 2,9 milliard so‘mga oshdi.
Chakana xizmatlarni rivojlantirish xalq roziligini olishning asosiy omili
Mamlakatimizda banklararo raqobat sharoitida aholiga zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish “Turonbank” ATBning muhim vazifasi hisoblanadi. Bu borada bank moliya bozorining eng jadal rivojlanayotgan segmenti, ya’ni chakana xizmatlarning sifati va ko‘lamini oshirish maqsadida, mijozlarga tezkor va qulay xizmat turlarini taklif etib kelmoqda. 2019-yil yakuni bo‘yicha bu yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.
2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, bank tizimida 38 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shahobchasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular orqali o‘tgan 12 oy davomida jami 237,3 million dollar miqdorida pul aylanmasi bajarildi. 19 ta konversion bo‘lim hamda 26 ta valyuta ayirboshlash shahobchasi tomonidan esa aholidan 89,8 million dollari qabul qilinib, konversiyadan 5,4 million AQSh dollari sotildi. Shuningdek, “Turonmobile” ilovasi orqali ham 2019-yil davomida mijozlarga 9,8 million dollarlik konversiya amaliyotlari bajarildi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish samaradorlikni oshiradi
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini ko‘paytirish borasida ham Turonbank tomonidan qator amaliy choralar ko‘rildi. Xususan, 2019-yilda bank tomonidan muomalaga chiqarilgan milliy valyutadagi plastik kartochkalar soni 603 081 donani tashkil etdi. Shundan 7 550 tasi yuridik shaxslarning korporativ plastik kartochkalari va 5 687 donasi yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli plastik kartochkalardir. Qolaversa, hisobot davrida jismoniy shaxslar uchun muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalarning 55 039 donasi Humo tizimida ishlovchi bank kartalarini tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, 2020-yil 1-yanvar holatiga Turonbank tizimida VISA va MasterCard xalqaro plastik kartochkalar tizimida 14 442 ta plastik kartochkalar emissiya qilingan bo‘lib, shundan, 6610 donasi VISA va 7832 donasi MasterCard xalqaro plastik kartochkalari hisoblanadi. Ular orqali 14,89 million dollar miqdoridagi pul mablag‘lari konversiya orqali hamda 1,46 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy valyutadagi plastik kartalarga kirim qilingan.
Bundan tashqari, “Turonbank” ATB tomonidan MasterCard xalqaro plastik kartochkalari yo‘lga qo‘yilganligi munosabati bilan, ushbu kartalarni ochishga mijozlarni jalb qilish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida, o‘ziga xos aksiya o‘tkazilgan bo‘lib, mazkur aksiya natijasi bo‘yicha turli xildagi sovg‘alar, jumladan, Neksiya-3 rusumidagi avtomobil ham o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, 2019-yilning 15-avgustidan 1-dekabriga qadar “Mastercard xalqaro plastik kartasidan foydalaning va yangi yil ta’tilini janubiy sharqiy osiyoning iliq dengiz sohillarida Turonbank bilan o‘tkazing” nomli aksiya o‘tkazildi va 2 kishilik yo‘llanma o‘z egasini topdi.
Zamonaviy bankomat va infokiosklar tezkor xizmat garovi
Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, bank rahbariyati naqd pul massasini qisqartirish maqsadida, butun Respublika miqyosida to‘lovlarni qabul qilish imkonini beruvchi 202 ta 7/24 rejimida ishlovchi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish infokioskasini joylashtirdi. Ular orqali kommunal to‘lovlar, uyali aloqa va boshqa xizmatlar uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish mumkin. Bevosita plastik kartochkalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha esa 63 ta Uzcard hamda 57 dona Humo bankomatlari o‘rnatildi. Hozirgi kunda, “Turonbank” ATB tizimida 28 ta maxsus valyuta ayirboshlash funksiyasiga ega bo‘lgan bankomatlar ishlab turgan bo‘lib, yana 35 tasi xarid qilindi va joylarda aholi xizmati uchun taqdim etilmoqda.
Aholi bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha faollik
Hisobot davrida aholini bo‘sh pul mablag‘larini bank kassalariga jalb qilish ishlari ham jadallashtirildi. 2020-yil 1-yanvar holatiga aholi omonatlari qoldig‘i 522.7,6 milliard so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 263 milliard so‘mga yoki 2 barobarga o‘sdi. Bank tomonidan aholiga qulay va manfaatli bo‘lgan milliy valyutada “Mobil omonat”, “Onlayn omonat”, “Eksklyuziv”, “Orzu onlayn”, “Xazina onlayn”, “Bahor onlayn”, “Kelajak”, “Imkoniyat”, “Bahor”, “Xazina”, “Orzu” va “Baraka” hamda xorijiy valyutada “Optimal”, “Sarmoya”, “Xamyon”, “Meros”, “Profit onlayn”, “Xamyon onlayn” va “Optimal onlayn” omonatlari amaliyotga joriy qilingan.
Yana bir jihatni qo‘shimcha qilmay ilojimiz yo‘q, Turonbankning eng asosiy maqsadlarida kichik, o‘rta va chakana biznesni taraqqiy ettirish va xizmatlar sifatini yana-da takomillashtirish eng ustuvorlaridandir. Shuning uchun ham o‘tgan vaqt davomida hududlarda zamonaviy, ixcham, qulay ko‘rinishdagi 20 ta “bank xizmatlari ofis”lari tashkil etildi. Nasib etsa, joriy yilda ularning sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan. Ularda esa aholiga tezkor xizmat ko‘rsatish bilan birga 24/7 tizimida ishlovchi avtomatlashtirilgan milliy va xorijiy valyutadagi bankomat va infokiosklarni ham o‘rni ahamiyatlidir.
Masofaviy xizmatlarni ko‘rsatishda yangi nou-xaular
Ilg‘or axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda yaratilgan “Korporativ internet-banking”, “Mobil bankning” va jismoniy shaxslar uchun mo‘jallangan “My Turon” mobil ilovalari foydalanuvchilarga taqdim etilgan. Ushbu tizimlar 2019-yil davomida mijozlarning talab va istaklari asosida yangi funksional imkoniyatlar bilan boyitib borildi. Yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan “Korporativ internet-banking” ilovasi orqali konvertatsiyaga buyurma berish, konversiya amaliyotlarini o‘tkazish mumkin.
Shuningdek, jismoniy shaxslarga “My Turon” mobil ilovasi orqali Visa va Master Card xalqaro to‘lov kartalarini ochgan holda “onlayn” rejimda istalgan vaqtda konversiya amaliyotlarini o‘tkazish, bank depozitlariga mablag‘lar kiritish, kreditlarni so‘ndirish, kommunal, byudjet, soliq, aloqa, internet va boshqa ko‘plab xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘tkazish imkoniyatlari yaratilgan. Qolaversa, Master Card xalqaro to‘lov kartalaridan ham konversiya va qayta konversiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hisobot davrida shuningdek ushbu mobil ilovaga HUMO plastik kartalari orqali kartadan kartaga, shu jumladan Uzkard tizimi kartalariga pul mablag‘larini o‘tkazish hamda to‘lovlarni amalga oshirish funksiyalari qo‘shildi.
“My Turon” mobil ilovasini Markaziy banki qoshida tashkil etilgan QR-Online tizimi bilan bog‘lash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, “My Turon” mobil ilovasining Web talqini (versiya) yaratilib, ishga tushirildi. Jismoniy shaxslarga “My Turon” mobil ilovasiga kiritilgan yangi “Optimal-online”, “Profit-online” va “Online hamyon” kabi omonatlarga mablag‘larni qo‘yish imkoniyatlari yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasi mijozlar sonining oshishiga olib keldi
2020-yil 1-yanvar holatiga jami yuridik shaxslar soni 23 973 nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, tizimda jami 720 316 nafar jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatib kelinayotgan bo‘lib, shundan omonatchilar 156 801 nafarga, plastik kartochka egalari esa 563 515 nafarga yetdi. Qolaversa, hisobot davrida 6 095 tadan ortiq yuridik shaxslar o‘z hisobraqamlarini ochgan bo‘lib, bundan 384 tasi yuqori pul aylanmasiga ega bo‘lgan korporativ mijozlar hisoblanadi.
Ahamiyatli jihati shundaki, keltirilgan raqamlarning ijrosi o‘zi bilan birga ya’ni xalqimizning hayotida o‘z aksini topmoqda. Kimdir o‘z tomorqasidan foyda olishni boshlagan bo‘lsa, yana kimdir fermer xo‘jaligini kengaytirdi, boshqalar esa kichik zavodini katta bir klasterga aylantirib, qo‘shni davlatlarga mahalliy mahsulotlarni eksport qilishni boshlab yuborgan. Bu esa Turonbank iqtisodiyotimizni mutlaqo yangi asosda tashkil etish va yana-da erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etayotganidan dalolat beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Turonbank xalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatish bilan birga ularning ishonchli moliyaviy hamrohiga ham aylanib ulgurdi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham, davlat ham boy bo‘ladi.
Bank axborot xizmati.