Безымянный.png

Brifing: ipoteka, ta’lim va quyosh panellari bo‘yicha ajratilgan kreditlar tahlili!

Joriy yilning 11 – oktyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi Nodirbek Muqimov navbatdagi brifingni o‘tkazdi. Unda joriy yilning III choragi davomida moliya muassasasi tomonidan ipoteka, ta’lim va quyosh panellari bo‘yicha ajratilgan kreditlar xususida so‘z bordi.

“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga yana-da qulaylik yaratish, ularning moliyaviy ehtiyojlarini o‘z vaqtida, sifatli qondirish maqsadida bir qator manfaatli mahsulotlar taqdim etilmoqda.

Misol uchun aholining uy – joyga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda qulay shartlardagi ipoteka kreditlari ajratilyapti. Xususan, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar, birlamchi bozordan xonadon sotib olish, hovli-joylarini qayta qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun 20-yilgacha bo‘lgan muddatga, boshlang‘ich to‘lovidan kelib chiqib yillik 16%dan, 6 oylik imtiyozli davr bilan kredit olishlari mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga 327 mln. 250 ming so‘mgacha, Toshkent shahrida esa 416 mln. 500 ming so‘mgacha ajratiladi.

Joriy yilning III chorak yakunlari bo‘yicha “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 926 nafar shaxsga 179 mlrd. 723 mln. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu ishlar Davlatimiz rahbarining “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq amalga oshmoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda “Turonbank” tomonidan bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun “Kelajak” nomli ta’lim krediti ham ajratib kelinmoqda. Mazkur kredit 14 foizdan 7,5-yilga, xotin-qizlar uchun esa 0%dan ajratilyapti. Misol uchun joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Turonbank tomonidan 3 mlrd 452 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar 842 nafar talaba uchun yo‘naltirildi.

Hech kimga sir emas, bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish tobora ommalashayapti. Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda “Turonbank” tomonidan quyosh panellari va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun “EcoPanel” krediti taqdim etilmoqda. Mazkur kredit jismoniy shaxslar uchun yillik 20% dan, 60 oygacha bo‘lgan muddatga taqdim etiladi. Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha 3 mlrd 397 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar o‘z xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatish istagida bo‘lgan 130 nafar fuqaroga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hosil qiluvchi qurilmalarni xarid qilishlari uchun yo‘naltirildi. “EcoPanel” mahsuloti tadbirkorlik subektlari uchun ham ajratiladi. Ya’ni yuridik shaxslar 17%dan 60 oygacha bo‘lgan muddatga qulay shartlarda mazkur kreditni rasmiylashtirishlari mumkin.

Turonbank aksiadorlik tijorat banki aholi uchun qulay shartlarda va jozibador bank mahsulotlarini ishlab chiqarishda davom etadi. Keyingi brifinglarimiz davomida ular haqida ham ma’lumot beramiz.

“Turonbank” ATB axborot xizmati.

Video.