Xabaringiz bor har yili mamlakatimizda 30-iyun Yoshlar kuni keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan "Turonbank" ATB tizimida Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot.

Bugungi kunda moliya muassasida 1486 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan 515 nafari, ya’ni 36 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan bankirlar tashkil etadi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qiziqish va intilishlarini rag‘barlantirish, bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish maqsadida bank tomonidan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus strategiya ishlab chiqilgan.

Xususan, 2018-yildan boshlab Turonbank ATB birinchilardan bo‘lib respublikamizdagi moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan ikkinchi hamda uchinchi bosqich talabalarini maxsus test sinovlari asosida ishga jalb etishni boshladi. Mazkur loyiha doirasida talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, tajriba oshirish, muayyan maosh olish va o‘qishni tamomlagach moliya muassasida faoliyat olib borish imkoniga ega bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar mazkur amaliyot natijasida 400 nafarga yaqin talabalar qamrab olingan va ular “Turonbank” ATBning turli bo‘linmalarida mehnat qilmoqda. Bu esa moliya muassasasi uchun o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali salohiyatli kadrlar zahirasini yaratish imkonini beryapti.

Shuninngdek, salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Turonbankda mehnat qilayotgan 525 nafar yoshlarning salkam 100 nafarga yaqini quyi va yuqori bo‘g‘inlarda rahbarlik lavozimlarida ish yuritmoqda. Ya’ni, Boshqaruv Raisi o‘rinbosaridan tortib, departament direktori, boshqarma va bo‘lim boshliqlarigacha.

Shu bilan birga “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki yosh bankirlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Turonbank stipendiyasi” eksklyuziv loyihasiga ham start berdi. Ayni tashabbus doirasida “Turonbank” ATB Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

Mazkur OTMga yuqori ball bilan qabul qilingan 100 nafar talaba “Turonbank stipendiyasi”  sohibiga aylandi. Ular har oylik maxsus stipendiyaga ega bo‘ladi, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga esa to‘lov kontraktlari ham to‘lab beriladi. Ular ta’limning 3–bosqichidan boshlab “Turonbank”da ishlashlari ham mumkin. Shu bilan birga mazkur yoshlar Turonbankda o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda bemalol ishtirok etib, moliya muassasasi tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin.

Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash tizimini kompleks rivojlantirish maqsadida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida maxsus o‘quv eksperimental baza sifatida “Smart o‘quv xonalar”ni ham yo‘lga qo‘ygan. Ushbu xonalarda bankning yetuk mutaxassislari moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ochiq darslar tashkil etib, amaliyotdagi ish uslublari bilan ularni yaqindan tanishtirishmoqda. Bu nazariya va amaliyotning ijobiy uyg‘unlashishiga katta hissa qo‘shyapti.

Bundan tashqari Turonbankda yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini amaliyotga joriy etish, muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida shaxsan boshqaruv raisi bilan turli formatdagi uchrashuvlar tashkil etiladi.  Xususan, Yoshlar kuni munosabati Yoshlar ishlar agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlis qonunchiik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda yosh bankirlar uchun uchrashuv o‘tkazildi.

Albatta bu tashabbus va loyihalarni amalga oshirishimizda Davlatimiz rahbarining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishonamizki, bu kabi keng qamrovli ishlar natijasi yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi va saviyali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida yaxlit klaster tizimi rivojlanadi. Fursatdan foydalanib O‘zbekiston yoshlarini yaqinlashib kelayotgan Yoshlar kuni bilan Turonbank jamoasi nomidan tabriklaymiz.