"Turonbank" ATBda transformatsiya ishlari jadal tarzda davom etmoqda. Bu jarayonda moliya muassasasining Bank xizmatlari markazlari va ofislarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning o‘rni beqiyos. Chunki, aynan ular mijozlar bilan bevosita muloqotda bo‘lib bank mahsulotlarini taqdim etadi. Turonbankda xodimlar uchun o‘tkazilayotgan o‘quv-treninglardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham transformatsiya jarayonida ularning bilim va tajribasini oshirishdan iborat.
Navbatdagi trening Nukus bank xizmatlari markazida o‘tkazildi. Trening qiziqarli va turli mavzularni jamlaganligi sababli ham avvalgilardan farq qiladi. Treninglar davomida mijozlar bilan ishlash va taqdim etilayotgan xizmatlar bo‘yicha amaliy tajriba almashish imkoniyati ham mavjud. Mashg‘ulotlarda Banklar va bank faoliyatiga oid qonunchilik, kiritilayotgan o‘zgartirishlar va zamonaviy tendensiyalar borasida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Yuridik va jismoniy shaxslar uchun taqdim etilayotgan xizmatlar hamda bank mahsulotlari, sotuv jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish borasida ham atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Amaliyotda yuzaga kelishi mumkin vaziyatlar keng muhokama qilindi.
Albatta har bir xodim mijoz bilan muloqot jarayonida Xizmat ko‘rsatish standartlari talablariga javob berishi kerak. Trening davomida Turonbankda xizmat ko‘rsatish standartlari va odob-ahloq qoidalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi va ularga amal qilish mijozlar hamda xodimlar uchun qanchalik muhim ekanligi tushuntirib o‘tildi.
2022-yil sentyabr oyidan Turonbank o‘z faoliyatini yangi avtomatlashtirilgan bank tizimi "Colvir" dasturida davom ettirmoqda. Trening davomida bu dastur borasida ham batafsil so‘z yuritildi. Mazkur dasturda ishlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar va ularni to‘g‘ri tahlil qilish borasida yo‘l yo‘riqlar tushuntirildi. Amaliyotda uchrayotgan holatlar ham atroflicha muhokama etildi.
Jamoadagi muhit va yakdillik ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi hech kimga sir emas. Ijobiy natijalarga erishishda har bir xodimning psixologik holati ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli trening davomida taym-menedjment va muloqot samaradorligi bo‘yicha motivasion mavzularda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz har bir mavzu bo‘yicha xodimlar maxsus test sinovlaridan ham o‘tkaziladi. Mazkur o‘quv-treninglar Turonbankning Respublika bo‘ylab barcha hududlardagi BXM va BXOlarida o‘tkaziladi.
23 May 2023 - 23 May 2035