Press - anjuman: yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Turonbank tajribasi!
Ma’lumki, 30 – iyun sanasi O‘zbekistonda yoshlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ayni shu tadbir munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Turonbank” ATBning yoshlar bilan ishlash tajribasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova moliya muassasasi tomonidan yosh bankirlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida to‘liq ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda “Turonbank” ATBda 1486 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan 515 nafari, qariyb 36 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron o‘g‘il - qizlardir. Ushbu qatlamning qiziqish va intilishlarini yana-da rag‘barlantirish, bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish maqsadida bank tomonidan bir necha bosqichdan iborat maxsus strategiya ishlab chiqilgan.
Xususan, yoshlar bilan doimiy muloqot:
“Turonbank” ATBda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha noodatiy tizim va yaxshi tajriba shakllangan. Ulardan eng muhimi turli formatdagi doimiy uchrashuvlar ya’ni shaxsan Boshqaruv raisi bilan ochiq va samimiy muloqot. Bu bir piyola choy ustida yoki ochiq tabiat qo‘ynida o‘zaro fikr almashib, muammo va kamchiliklarni muhokama etish, g‘oya hamda tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish uchun eng qulay maydondir.
“Turonbank” ATB tomonidan yoshlar uchun tayyorlangan samarali loyihalarning yana biri, moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan ikkinchi hamda uchinchi bosqich talabalarini maxsus test sinovlari asosida ishga (amaliyotga) jalb etishdir. Bu orqali ular nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, tajriba oshirish, muayyan maosh olish va o‘qishni tamomlagach yetuk mutaxassis sifatida o‘zlari uchun aniq ish joyini naqd qilishlari mumkin bo‘ladi. 2018-yilda boshlangan mazkur ezgu tashabbus ortidan ayni vaqtda 400 nafarga yaqin talabalar “Turonbank” ATBning turli bo‘linmalarida faol mehnat qilishmoqda. Bu esa moliya muassasasi uchun o‘zaro kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish orqali salohiyatli kadrlar zahirasini yaratish imkonini beryapti.
Ahamiyatlisi, moliya muassasasida mehnat qilayotgan xodimlarning 525 nafarini yoshlar tashkil etayotgan bo‘lsa, ularning salkam 100 nafarga yaqini quyi va yuqori bo‘g‘in rahbarlaridir. Ya’ni, Boshqaruv Raisi o‘rinbosaridan, departament direktori, boshqarma va bo‘lim boshlig‘larigacha.
Sir emaski, har bir tashkilot o‘z rivojlanish strategiyasini yaqin uch yoki besh yilga belgilaydi. Unda albatta bozor imkoniyatlari hamda shu maydonga mos keluvchi kadrlar bazasini yaratish birlamchi vazifa sifatida turadi. “Turonbank” ATB ham “Digital - banking” formatida ishlovchi raqamli moliya muassasasiga aylanish barobarida intellektual jihatdan mukammal, zamonaviy fikrlaydigan yosh bankirlar zahirasini shakllantirish maqsadida “Turonbank stipendiyasi” eksklyuziv loyihasiga ham start berdi. Ushbu motivasion g‘oyaning ahamiyati shundaki, uning doirasida butun Respublika miqyosidan moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan eng iqtidorli, o‘z bilimi bilan OTMga yuqori ball to‘plab qabul qilingan 100 yoshlar tanlab olinib, o‘qish yakuniga qadar to‘liq e’tiborga olindi. Ya’ni, ular uchun har oylik maxsus stipendiya joriy etilib, to‘lov – kontrakt pullari ham to‘lab berildi. Shuningdek talabalar ta’limning 3 – bosqichidan boshlab “Turonbank”da ishlashlari mumkin bo‘ladi.
Ayni tashabbusni huquqiy jihatdan mustahkamlash bo‘yicha “Turonbank” ATB hamda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Malakali kadrlar tayyorlash tizimini kompleks rivojlantirishga qaratilgan bu kabi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun “Turonbank” ATB oliygohlarda maxsus o‘quv eksperimental baza sifatida “Smart o‘quv xonalar”ni ham yo‘lga qo‘ygan. U orqali bankning yetuk mutaxassislari moliya va iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ochiq darslar tashkil etib, amaliyotdagi ish uslublari bilan ularni yaqindan tanishtirishmoqda. Bu nazariya va amaliyotning ijobiy uyg‘unlashishiga katta hissa qo‘shyapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Albatta bu tashabbus va loyihalarning zamirida davlatimiz rahbarining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yana-da kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.