Turonbank xodimlari yangilanayotgan konstitutsiya bilan yaqindan tanishishdi!
Xabaringiz bor, ayni kunlarda mamlakatimiz rivoji uchun juda ham muhim bo‘lgan siyosiy islohotlar davrida turibmiz. Ya’ni, bosh qomusimiz bo‘lmish konstitutsiyaga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Sababi mazkur hujjatni yana-da takomillashtirib, uni jamiyatdagi real voqelikka, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga moslashtirish bugungi kunning asosiy talabidir.
Ushbu yangilanishlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, uning mazmun – mohiyatini batafsilroq tushuntirish maqsadida esa barcha hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha tashviqot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, “Turonbank” ATBning bosh ofisida o‘tgan uchrashuv ham ayni shu mavzuga qaratildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi oliy majlisi senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Umarov Nariman Madjitovich va “Turonbank” ATBning Republika miqyosidagi barcha markazlari xodimlari ishtirok etishdi.
O‘z taqdimotida senator Nariman Umarov yangilanayotgan Konstitutsiya eng avvalo “Xalqchil” degan tamoyil asosida takomillashayotganligi, uning qariyb 65 foizlik qismi o‘zgarganligi va ilgari amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” sifatida tus olayotganligini ta’kidladi.
Shuningdek, umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi ham qayd etildi. Tadbir davomida Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi va fikrlar almashildi.
Shu fursatdan foydalanib biz barchani konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga befarq bo‘lmay, joriy yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishlarini so‘raymiz.