Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning bank plastik kartasidan go‘yoki noqonuniy ravishda mablag‘ yechib olingani yuzasidan “Turonbank” ATB faoliyatiga doir turli talqindagi murojaatlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Murojaat qilgan fuqaro “Turonbank” ATB Urganch bank xizmatlari markazi mijozi bo‘lib, bank plastik kartasidan mablag‘lar yechib olingani aniqlangach, 2025-yil 29-dekabr kuni Urganch bank xizmatlari markaziga murojaat qilgan.

Bank xodimlari tomonidan fuqaroning plastik kartasi bo‘yicha to‘liq pul aylanmasi yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan. O‘rganishlar natijasida fuqaroning bank plastik kartasidagi mablag‘lar bank tomonidan yechib olinmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, 2025-yil 27-dekabr kuni fuqaroning bank kartasidan ikki marotaba jami 23 013 495 so‘m mablag‘ mobil ilovalar orqali boshqa shaxsga tegishli plastik kartaga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilgan.

Surishtiruv jarayonida, shuningdek fuqaroning o‘zi ham murojaatida qayd etganidek, fuqaro ijtimoiy tarmoqdagi Telegram sahifasiga noma’lum shaxslar tomonidan yuborilgan APK  formatidagi fayllarni ochishi oqibatida firibgarlar tuzog‘iga tushgan.

Shundan so‘ng, fuqaroning pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda foydalaniladigan ilovalariga doir bir qator xavfsizlik ogohlantirishlari, jumladan:

• bank kartasi boshqa mobil ilovaga ulanayotgani

• “agar bu siz bo'lmasangiz quyidagi raqamga murojaat qilishingizni so'raymiz” mazmunidagi xabarlar fuqaro tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. Mazkur holatlar natijasida fuqaroning bank plastik kartasidagi mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan yechib olingan.

Holatga aniqlik kiritilgach, bank xodimlari tomonidan fuqaroga ichki ishlar organlariga murojaat qilish tavsiya etilgan.

“Turonbank” ATB jamoatchilikni faqat rasmiy va ishonchli axborot manbalariga tayanishga, bank faoliyatiga nisbatan asossiz xulosalar chiqarmaslikka chaqiradi hamda mijozlarni moliyaviy xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etishga undaydi.

Shuningdek, o‘zingiz va yaqinlaringizning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash maqsadida, noma’lum manbalardan yuborilgan APK va boshqa formatdagi shubhali formatdagi fayllarni ochmaslikni tavsiya etamiz.