Bugungi globallashuv va iqtisodiy raqobatning kuchayib borayotgan davrida har bir tashkilotning muvaffaqiyati, avvalo, uning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarishiga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, “Turonbank” ATB faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaraladi.
Bank tizimida davlat boshqaruvi organlaridan kelayotgan topshiriqlar ijrosini zamonaviy “Edo.ijro.uz” elektron tizimi orqali ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu nafaqat ish samaradorligini oshirish, balki mas’uliyat va tartibni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
2025-yilning 1-yanvaridan 30-sentabrigacha bo‘lgan davr mobaynida bankka ushbu tizim orqali jami 163 ta hujjat kelib tushgan va ular asosida 528 ta topshiriq ijrosi belgilangan. Ulardan eng katta qismi — 279 ta topshiriq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyishlari hamda yig‘ilish bayonlari asosida ijroga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar va strategik dasturlarni amaliyotga tatbiq etishda “Turonbank”ning faol ishtirokini yaqqol ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, topshiriqlar quyidagi yo‘nalishlarda ham o‘z vaqtida bajarilib kelinmoqda:
- Vazirlar Mahkamasi hujjatlari – 16 ta topshiriq
- Prezident Administratsiyasi topshiriqlari – 7 ta topshiriq
- Prezident yordamchisi topshiriqlari – 12 ta topshiriq
- Hukumat komissiyasi topshiriqlari – 214 ta topshiriq
Barcha topshiriqlar belgilangan muddatlarda, yuqori mas’uliyat bilan va puxta ijro etilib, bank tizimida samarali ish mexanizmi shakllantirilgan.
Bizning maqsadimiz – har bir topshiriqni oddiy majburiyat sifatida emas, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shilayotgan ulushimiz sifatida ko‘rishdir. “Turonbank” jamoasi bugun o‘zining har bir qarori, har bir tashabbusi bilan iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Ishonchim komilki, qat’iy ijro intizomi, mas’uliyatli yondashuv va yagona maqsad sari intilish bilan biz bank tizimining samaradorligini yanada oshirib, yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojiga hissa qo‘shishda davom etamiz.