“9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Turonbank” ATBda Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Dastlab, “Turonbank“ ATB Xodimlarni boshqarish (HR) departamenti direktori N.Tangniberdiyev bank tizimida korrupsiyaning oldini olish, oshkoralikni kuchaytirish hamda jamoatchilik nazoratining ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “Monopoliyaga qarshi komplaens tizimini joriy etish va uning samaradorligini oshirish masalalari” muhokama qilinib, raqobat tamoyillariga rioya etishning dolzarbligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida bankning ochiqlik siyosati, mijozlar bilan muloqot madaniyati va joriy etilgan shaffof monitoring mexanizmlari haqida ham so'z yuritildi.
Tadbirga taklif etilgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili J.Meliqo‘ziyev jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishida ahamiyat qaratilishi lozim bo'lgan jihatlarga e'tibor qaratdi. Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti A.Haydarov esa korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar va javobgarlik masalalariga to‘xtaldi.
Tadbir yakunida “Turonbank“ ATB korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati bosh menejeri X.Zikirov bank tizimidagi komplaens tizimining faoliyati, profilaktika choralari va erishilgan natijalar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.

















