Bugungi globallashuv jarayonlari va iqtisodiy raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda har bir tashkilot muvaffaqiyatining asosiy omili — unga yuklatilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali ijro etishdir. Shu jihatdan, “Turonbank” ATB faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Bank tizimida davlat boshqaruvi organlaridan kelib tushayotgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida zamonaviy “Edo.ijro.uz” elektron tizimi joriy etilgan bo‘lib, mazkur platforma ish jarayonlarining shaffofligi, tezkorligi hamda mas’uliyatni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha bo‘lgan davrda bankka ushbu tizim orqali jami 243 ta hujjat kelib tushgan bo‘lib, ular asosida 940 ta topshiriq ijrosi belgilangan. Shundan 412 ta topshiriq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda yig‘ilish bayonlari asosida shakllantirilgan. Mazkur ko‘rsatkich “Turonbank”ning mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar va strategik dasturlarni hayotga tatbiq etishdagi faol ishtirokini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, topshiriqlar quyidagi manbalar kesimida ham belgilangan muddatlarda va sifatli ijro etib kelinmoqda:
- Vazirlar Mahkamasi hujjatlari — 35 ta hujjat, 42 ta topshiriq
- Prezident Administratsiyasi topshiriqlari — 18 ta hujjat, 27 ta topshiriq
- Prezident topshiriqlari — 108 ta hujjat, 412 ta topshiriq
- Hukumat komissiyalari topshiriqlari — 82 ta hujjat, 459 ta topshiriq
Barcha topshiriqlar yuqori mas’uliyat bilan, belgilangan muddatlarda va puxta nazorat ostida bajarilib, bank tizimida samarali va barqaror ish mexanizmi shakllantirildi.
Bizning asosiy maqsadimiz — har bir topshiriqni oddiy majburiyat sifatida emas, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shilayotgan munosib hissa sifatida qabul qilishdir. Bugun “Turonbank” jamoasi har bir qarori va tashabbusi bilan iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanib bormoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, qat’iy ijro intizomi, mas’uliyatli yondashuv va yagona maqsad sari intilish orqali biz bank tizimi samaradorligini yanada oshirib, yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojiga munosib hissa qo‘shishda davom etamiz.








