Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muxammad Bobur tavalludi sanalarini keng nishonlash to‘g‘risidagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan buyuk shoirlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Buyuk ajdodlar yodi doim barhayot” mavzusida ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda mehmon sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Mixitdinova Feruza Abdurashidovna ishtirok etdi. Feruza Mixitdinova buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodi va hayoti haqida so‘z ochar ekan, uning hayoti davomida yozgan yuzga yaqin asarlari bir necha asrlar o‘tgan bo‘lsada, o‘z dolzarbligini hamon yo‘qotmaganligi, o‘quvchilar orasida sevib o‘qib kelinishi, navoiyshunos olimlar tomonidan hamon o‘rganishda ekanligi haqida gapirib o‘tdi. Hazrat Navoiy nafaqat ulug‘ mutafakkir, shoir, balki o‘z xalqi, millati taqdiriga befarq bo‘lmagan buyuk murabbiy ham edi. U o‘z umri intihosida ham millat va xalq dardi bilan yashadi. Asarlarida jamiyat bilan bog‘liq orzu-umidlarini ifodaladi. Unda jamiyat hayotini yuksaltirish, to‘g‘ri yo‘lga solish va shaxs ma’naviyatini tarbiyalash kabi o‘zining so‘nggi armonlarini vasiyat qilib qoldirdi. Shuningdek, suhbat davomida buyuk mutafakkir shoir, Zahiriddin Muxammad Boburning hayoti va ijodi haqida ham gapirib o‘tdi. Boburning murakkab hayot yo‘li, vatan sog‘inchi uning go‘zal g‘azallarida o‘z ifodasini topgan. Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, takdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.