2021-yil 09-fevralda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishi bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi yuzasidan Buyuk allomamiz Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab “Buyuk ajdodlar yodi doim barhayot” mavzusida ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Departament direktorlari va mustaqil boshqarma boshliqlari, shuningdek, Respublika apparati, Markaziy amaliyot boshqarmasi xodimlari ishtirok etdilar. 

        Tadbirga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Tilavov Abdumurod Xolmuratovich taklif etildi.      A.X.Tilavov o‘z ma’ruzasida avvalo “Turonbank” ATB xodimlari bilan uchrashib turganidan va mana shu uchrashuvni tashkil qilgan bank rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. 
        Abdumurod Tilavov buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodi va hayoti haqida so‘z ochar ekan, uning hayoti davomida yozgan yuzga yaqin asarlari bir necha asrlar o‘tgan bo‘lsada, o‘z dolzarbligini hamon yo‘qotmaganligi, o‘quvchilar orasida sevib o‘qib kelinishi, navoiyshunos olimlar tomonidan hamon o‘rganishda ekanligi haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, suhbat davomida Hazrat Alisher Navoiyning umr so‘ngida avlodlarga aytadigan pand-nasihatlarini, dil dardlarini, qalb hayqiriqlarini, hayot saboqlarini jamlab, yaratgan “Mahbub ul-qulub” asari haqida kengroq to‘xtalib o‘tdi.
        “Mahbub ul-qulub” “Qalblarga sevimli bo‘lgan kitob” ma’nosini beradi. Uni “Dillarga oshno asar” yoki “Qalblarga yaqin kitob” deb tarjima qilish ham mumkin. Asar nega bunday nomlangan? U kimlarga mo‘ljallab yozilgan? Ma’lumki, ushbu asar Navoiyning umr nihoyasida yaratilgan. Bu asarni yozishga qanday ehtiyoj bor edi? Qalblar deganda Navoiy kimlarni nazarda tutadi? Bular haqida bilish asarning qimmatini belgilashda muhim ahamiyatga egadir.
        Asar har bir inson egallashi lozim bo‘lgan go‘zal hulq, yuksak ma’naviyat mezonlari haqida atroflicha ma’lumot beradi. Jamiyatning faol a’zolariga aylanib borayotgan yoshlar o‘z jamiyatlarining kamoloti uchun qanday fazilatlarga ega bo‘lmoqliklari kerak? Buni Navoiy asarning ikkinchi qismida tahsinga sazovor fe’l-atvor, yuksak xulqqa erishish tamoyillari orqali ochib beradi. Shu fazilatlar inson qalbini tug‘yon va isyondan saqlaydi, unga huzur va halovat baxsh etadi, hulqini go‘zal qiladi, bardoshini oshiradi. Irodasining baquvvat bo‘lishiga ko‘maklashadi.
        Hazrat Navoiy nafaqat ulug‘ mutafakkir, ulug‘ shoir, balki o‘z xalqi, millati taqdiriga befarq bo‘lmagan buyuk murabbiy ham edi. U o‘z umri intihosida ham millat va xalq dardi bilan yashadi. “Mahbub ul-qulub” asarida jamiyat bilan bog‘liq orzu-umidlarini ifodaladi. Unda jamiyat hayotini yuksaltirish, uni to‘g‘ri yo‘lga solish va shaxs ma’naviyatini tarbiyalash kabi o‘zining so‘nggi armonlarini vasiyat qilib qoldirdi.      
        Mehmon shoir asarlaridan parchalar o‘qib berdi. Shundan so‘ng, bank xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar.     
 Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori o‘rinbosari taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi hamda mehmonga bank nomidan esdalik sovg‘a topshirildi. A.Tilavov taklif va sovg‘a uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.