10 Dek 2021
2021-yil 10-dekabr sanasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana” mavzusida ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda "Turonbank" ATB xodimlaridan jami 123 nafari ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Jahon tillari universiteti dotsenti, siyosat fanlari nomzodi Muyitov Davron Sobirovich taklif etildi. Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori Sh.A.Ibragimova majlisni kirish so‘zi bilan ochib, bugungi tadbir “8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun” hamda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana”siga bag‘ishlanishi haqida aytib o‘tdi. D.S.Muyitov o‘z ma’ruzasida avvalo “Turonbank” ATB xodimlari bilan uchrashib turganidan va mana shu uchrashuvni tashkil qilgan bank rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Mustaqil O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu azim yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga, ya’ni yangi Renessansga ishonch tuyg‘usining kuchayganini his etamiz. Davlat ramzlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tibor kuchayotgani, davlat ramzlarimizning huquqiy asosini, ma’nvaiy ildizlarini keng jamoatchilikka yetkazish davr talabiga aylanmoqda. Agar tarixga nazar tashlasak, bayroq – insoniyat tarixini aks ettiradigan o‘ziga xos ramzdir. Chunonchi, dastlabki bayroqlar olis o‘tmish qa’rida, eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo‘lib, ular qabilalarni bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida qo‘llanilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilarning hukmronligini bildiradigan ramzga aylangan. Hozirgi paytda esa bayroqlar davlat mustaqilligi ramzi sanalib, unda mamlakatning milliy o‘ziga xosligi, tarixi aks etadi. Bizning hududimizda ham bayroqlar juda qadim zamondan paydo bo‘lib, biz ularni qadimgi adabiy yodgorliklarda, tasviriy san’at asarlarida ko‘rishimiz mumkin. Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i sarhadimizda qadimdan mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda respublikamizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan. Bayrog‘imizda yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, xalqning navqironligi aks etgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq mamlakat suverenitetining muhim belgisi – Davlat bayrog‘iga ega bo‘ldi. 1991-yil 30-sentyabr kuni davlat bayrog‘ining emblemasi parlament qarori bilan qabul qilindi. 1991-yil 18-noyabr kuni parlament tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston suverenitetini belgilaydigan ramzlar orasida Davlat bayrog‘i alohida o‘rin tutadi. Zero, bayroq xalqning o‘tmishi va buguni, mustaqilligi, tinchligi va barqarorligining timsolidir. Davlatimiz bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, xalqaro ko‘rgazmalarda, sport musobaqalarida O‘zbekistonning timsoli sifatida hilpirab turadi. Bank xodimlari mehmonga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar. Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi hamda bank logotipili kichik sovg‘alar topshirildi. D.S.Muyitov taklif uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.