2021-yil 22-yanvar kuni “Turonbank” ATB tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Ma’ruzachi sifatida Targ‘ibot guruhi a’zosi-Toshkent moliya instituti Bank ishi kafedrasi mudiri, professor Akrom Abdunazarovich Omonov tashrif buyurdi.

Boshqaruv Raisi o‘rinbosari S.T.Kaldibayev majlisni kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari huzurida 2020-yil 23-oktyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning 7-son bayonnomasi 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilayotganligi, aholiga, shu jumladan bank xodimlariga ushbu Murojaatnomaning mohiyatini chuqur anglash, respublikamizda amalga oshirilgan yutuqlar, kamchiliklar, shu bilan birga bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida keng ommaga yetkazib berish ahamiyatga ega ekanligi haqida gapirib o‘tdi.

So‘ng, so‘z navbati professor Akrom Abdunazarovich Omonovga berildi. A.A.Omonov mazkur Murojaatnoma haqida so‘z ochar ekan, uning ahamiyatini, har bir fuqaro uning mazmuni va mohiyatini to‘liq bilishi shartligi haqida aytib o‘tdi.

2020-yil butun dunyo uchun koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazayotgan bo‘lib, xalqimizning fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklar mardonavor yengib o‘tilmoqda. Mavjud qiyinchiliklar, kutilmagan ofatlar bilan bir qatorda sohalarda bir qator yutuqlarga erishildi, 2020-yildagi “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturiga muvofiq yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha barcha sohalarda islohotlar qatiy davom ettirildi. Halqaro valyuta jamg‘armasi va halqaro reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, bu yilgi sinovlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida o‘sish suratlarini saqlab qoldi. 2020-yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlandi.

Oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdak ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston-maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish boshlandi.

So‘nggi 4-yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Endigi vazifa-chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishning poydevorini yaratishdan iborat bo‘lib, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirishdir. Iqtisodiy o‘sishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish orqali erishiladi.

Islohotlarimiz xalqimizning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog‘liq. Shu maqsadda quyidagi vazifalarni amalga oshirish: davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyatini kuchaytirish, korrupsiyaning har qanday turiga murosasiz bo‘lish, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning mavqei va o‘rnini mustahkamlash – islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi murakkab sharoitda yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlanayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shartdir. Murojaatnomada, shu bilan birgalikda kelgusi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, islohotlar haqida ham so‘z borgan bo‘lib, bir oy muddatda ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, 2021-yil Davlat dasturini hamda O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi taraqqiyot dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirilganligi aytib o‘tildi.

Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan mazkur tadbir bank xodimlari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi, tadbir nihoyasida xodimlar tomonidan bank sohasiga va iqtisodiyotga oid o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar berildi.

Boshqaruv Raisi o‘rinbosari taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

Seminar yakunida Boshqaruv Raisi o‘rinbosari barcha xodimlarining kelgusi ishlariga, bankning oldindagi faoliyati, uning rivoji yo‘lidagi mehnatlariga omadlar tiladi.