2021-yil 21-may kuni “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishi bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi yuzasidan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Xotira va qadr mohiyati” hamda “Mustaqillik - buyuk ne’mat” mavzusida ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda departament direktorlari va mustaqil boshqarma boshliqlari, Respublika apparati, Markaziy amaliyot boshqarmasi xodimlaridan 139 nafari ishtirok etdi. Mehmon sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Mixitdinova Feruza Abdurashidovna taklif etildi.
Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori Sh.A.Ibragimova majlisni kirish so‘zi bilan ochib, bugungi tadbir “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishi bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi yuzasidan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Xotira va qadr mohiyati” hamda “Mustaqillik - buyuk ne’mat” mavzularida ekanligini aytib o‘tdi. So‘ng, so‘z navbati mehmon sifatida chaqirilgan Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Mixitdinova Feruza Abdurashidovnaga berildi. F.A.Mixitdinova o‘z ma’ruzasida avvalo “Turonbank” ATB xodimlari bilan uchrashib turganidan va mana shu uchrashuvni tashkil qilgan bank rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bugungi tadbir muhim ahamiyatga ega ekanligini, 1945-yilda Germaniya fashizmi ustidan qozonilgan g‘alaba butun O‘zbekiston uchun, o‘zbek halqi uchun juda ham qadrli ekanligi haqida gapirdi. Jami aholisi 6 million bo‘lgan O‘zbekistondan 2 millionga yaqini frontga jo‘natilganligi, aholining qolgan qismi front ortida fidokorona mehnat qilib, front uchun oziq ovqat maxsulotlari, kiyim-kechaklar, qurollar yetkazib turganligi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, qizg‘in urush ketayotgan respublikalardan ota-onasidan ajralgan qariyb bir yarim millionga yaqin bolalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilinib, ular mehribon o‘zbek xalqi tomonidan o‘z farzandidek tarbiyaga olinganligi, bundan tashqari yuzga yaqin yirik zavod-fabrikalar evakuatsiya qilinib, o‘z faoliyatini davom ettirganligi, zavodlarda qariyalar va o‘spirin yoshlar kechayu-kunduz tinimsiz ishlab, frontga yordam berganliklari haqida qiziqarli ma’lumotlar, faktlar bilan so‘zlab berdi. Tadbirning keyingi mavzusi “Mustaqillik – buyuk ne’mat” mavzusida mustaqillik bergan imkoniyatlar, ushbu yillarda erishilgan yutuq va imtiyozlarga to‘xtalib o‘tdilar. Hozirgi tinch-xotirjam xayotimiz uchun, farzandlarimizning tinch yurtda o‘qib, ishlab yurganlari uchun, o‘tmishdagi og‘ir kunlarni bugun faqat kinolarda ko‘rayotganligimiz uchun shukur qilishimiz kerakligi haqida so‘z bordi. Mustaqillik yillarida respublikamizda amalga oshirilgan bunyodkorlik, ilm-fan, sport sohalarini rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar haqida gapirib o‘tdilar. Bank xodimlari mehmonga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar.
Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi hamda bank nomidan esdalik sovg‘a topshirildi. F.A.Mixitdinova taklif uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarining kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.