2021-yilning 20-avgust kuni "Turonbank"ATBda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini 30-yilligi bayrami arafasida Yangi O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda Davlatimiz ramzlari mavzusida ma’naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirga O‘zbek milliy Akademik drama teatri aktrisasi - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist - Ra’no Yarasheva taklif etildi. R.Yarasheva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2021-yil 19-yanvardagi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida belgilab berilgan vazifalarden kelib chiqib, Mustaqillik bergan imkoniyatlar, ushbu yillarda erishilgan yutuq va imtiyozlar, hozirgi tinch-xotirjam xayotimiz uchun, farzandlarimizning tinch yurtda o‘qib, ishlab yurganlari uchun shukur qilishimiz kerakligi haqida, mustaqillik yillarida respublikamizda amalga oshirilgan bunyodkorlik, ilm-fan, sport sohalarini rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, Mustaqillik yillaridan avvalgi yillar xotiralari bilan ham bo‘lishdi. Ona tilida erkin gapirish, xujjat yuritish, jamoat joylarida, tadbirlarda so‘zga chiqish imkoni bo‘lmaganligi, bu holatlar bugungi kunda tarix bo‘lib qolganligi haqida gapirdi. Bugungi hayotimiz uchun ayniqsa yosh avlod shukur qilishi kerakligi haqida aytib o‘tdi. Tadbirning keyingi mavzusi “Davlatimiz ramzlari – muqaddas timsollar” bo‘lib, Bular – bayrog‘i, gerbi va madhiyasidir. Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi. Vatan ramzlari doimo shu qadar ulug‘ va muqaddas sanalganki, uning uchun odamlar jonlarini fido qilganlar. U kishilarni yakdillikka, mushtarak maqsad yo‘lida birlashishga chorlagan. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Bunga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Sohibqiron Amir Temur ham g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u bunyod etgan ulug‘ saltanatni dunyo tan oldi. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi. Davlat ramzlari hamisha muqaddas hisoblangan. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgach, eng avvalo, davlatimiz ramzlari tasdiqlandi. Bank xodimlari mehmonga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar hamda esdalik uchun suratga tushdilar. Tadbir yakunida Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori taklif qilingan mehmonga qimmatli vaqtini ayamay bankimizga tashrif buyurgani uchun chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tdi hamda bank Boshqaruvi tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi. R.Yarasheva taklif uchun yana bir bora minnatdorchilik bildirib, barcha xodimlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan yana bir bora qutlab, kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.