Mamlakat aholisining moddiy turmush darajasini oshirishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlovchi, qayta ishlovchi va ularni sotuvchi tarmoq va xizmatlarning rivojlanishi katta ahamiyatga ega. Zero, natijada ishsizlikka barham berish imkoniyatlarini kengaytirish, yetishtirilayotgan mahsulotlar nobud bo‘lishining oldini olish, meva – sabzavotlarni zaxiraga qo‘yish bo‘yicha omborxona va muzlatkichlar tashkil etish, eng asosiysi, talab hamda taklifni bozor muvozanatida ushlab turish mumkin bo‘ladi. Holbuki, ilgari ming-ming tonna turli shirin-shakar mevalarimiz dalada qolib, isrof bo‘lardi.
Shu kabi jihatlarni inobatga olgan holda ayni payt Respublikamizning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etilib, ularda eksportbop tovarlar ishlab chiqarilmoqda. Xususan, oziq-ovqat sanoati tashkilotlari yuqori texnologiyalarga asoslangan yirik ishlab chiqarish obyektlariga aylantirilib, aholining ovqatlanish sifati ancha yaxshilanmoqda, iste’mol qilinadigan mahsulotlarning tuzilmasi o‘zgaryapti.
Ushbu barqarorlikka o‘z hissasini qo‘shayotgan korxonalar qatoriga “Turonbank” ATB mijozi hisoblanmish “Berad Agro” QKni qo‘shish mumkin. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan zavod meva – sabzavotlarni qayta ishlagan holda ularni Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa va MDH mamlakatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Sifatli xom - ashyo bazasini ta’minlash uchun kompaniya 2500 gektar ekin maydoniga ega bo‘lib, har bir bosqichida ekologik toza va tabiiy mahsulotlar yetishtiriladi. Quritish – tozalash ishlari esa Italiya davlatidan keltirilgan zamonaviy “Sandvik” liniyasi orqali amalga oshiriladi. Xususan, so‘nggi rusumdagi lazer-optik eritgich, rentgen apparati va havo ajratgich yordamida mahsulotlar o‘z sifatini yo‘qotmagan holda tayyorlanadi.
Aytish kerak, “Berad Agro” brendining quritilgan mevalari o‘z tarkibida kalsiy, magniy, temir va boshqa foydali moddalarni jamlaganligi bilan xorij bozorlarida xaridorgirdir. Ayniqsa, ko‘p talab bo‘ladigan pozitsiyalardan biri bu quritilgan uzum hisoblanadi. Sababi, O‘zbekistonda yetishtiriladigan boshqa ekinlar orasida uzum alohida o‘rin tutadi. Tabiiy-iqlim va tuproq sharoitlari yuqori shakar to‘planuvchi va yaxshi ta’mga ega navlarning yetishishiga yordam beradi.
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasida meva – sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasi kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan “Turonbank” ATB 3,0 mln. dollar kredit ajratdi. Ushbu moliyaviy ko‘mak evaziga korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun tashqi bozorga yetkazayotgan mahsulotlarining hajmini sezilarli oshirdi.
Ahamiyatli jihati, kompaniya yuklarni temir yo‘l, avtomobil, dengiz va havo transportida tashish bo‘yicha ham xizmatlarni taqdim etadi. Xususan, bu bo‘yicha Boltiq bo‘yi davlatlari, Yevropa va Xitoyning yirik tashuvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga asoslangan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
“Turonbank” ATB tomonidan bizga ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘mak, faoliyatimizda juda katta burilish yasadi. Ya’ni mahsulotlarni eksport qilish uchun aylanma mablag‘ni to‘ldirish bilan birga, zavodimizdagi uskunalarni butunlay yangiladik va ishlab chiqarish hajmimiz 30 foizga oshdi. Albatta, buning uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan minnatdormiz. Kelgusida istiqbolli loyihalarimiz juda ham ko‘p va ularni amalga oshirishda ham “Turonbank” ATB bilan hamkorlik qilish niyatidamiz, dedi “Berad Agro” QK iqtisodchisi Shuhrat Komilxo‘jayev.
Agarda statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, ayni payt mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblangan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi qariyb 16,3 foizni tashkil qilmoqda. 82 mingga yaqin fermer xo‘jaligi 3 mln. gektardan ortiq yerda dehqonchilik qilib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari va sanoatni xomashyo bilan ta’minlayapti. Shu boisdan mazkur sohani yana-da taraqqiy ettirish, ayniqsa agrar soha mahsulotlarini O‘zbekiston hududida to‘liq qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish muhim masalalardan biridir. Bu borada esa “Turonbank” ATB faol ishtirok etib, sug‘oriladigan ekin va lalmi yerlarni foydalanishga qaytarish, yaroqsiz hududlarda intensiv bog‘lar, zamonaviy issiqxonalar tashkil etishga moliyaviy ko‘mak berib kelmoqda.