Rivojlanishning yangi modeliga o‘tish harakatini boshlagan mamlakatimizda, barcha tarmoqlar ish strategiyalari qaytadan ko‘rib chiqilib, zamon talabiga mos vazifalar qo‘yilmoqda. Xususan, iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun ichki bozorda faol ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik va xususiy biznes vakillariga qulaylik yaratish, milliy ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash kabi jihatlar shular jumlasidan. Mazkur uzoq vaqtga mo‘ljallangan modernizatsiya jarayonlaridan asosiy maqsad esa import o‘rnini bosish siyosatidan faol sanoat va eksport tizimiga o‘tishdir.
Shu kabi taraqqiyotning zamonaviy chaqiriqlariga munosib javob qaytarib, izchillik bilan rivojlanib borayotgan sohalar qatoriga to‘qimachilik sanoatini qo‘shish mumkin. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan sharoitlar natijasida, qisqa vaqt ichida respublikada jahon talablariga javob beruvchi paxta tolalari tayyorlanib, to‘qimachilik matolari, tikuv-trikotaj uchun xomashyolar yetkazib berilmoqda.
Buning yaqqol misolini “Turonbank” ATBning doimiy mijozlaridan biri bo‘lgan “Furkan textile” MChJ faoliyatida ko‘rish mumkin. Toshkent shahar Sergeli tumani Do‘stlik mavzesida joylashgan korxona yurtimiz aholisi uchun sifatli va hamyonbop trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. U yerda talab va taklifga asosan erkaklar, ayollar va bolalar uchun turli xildagi kiyimlar mahoratli chevarlar tomonidan tikiladi. Ahamiyatlisi, ushbu jarayonda mamlakatimizda yetishtirilgan tabiiy, ekologik toza va allergiya qo‘zg‘atmaydigan paxta tolalaridan foydalaniladi.
2018-yilda to‘liq quvvat bilan ishlashni boshlagan mazkur korxona “Turonbank” ATBning 3 mlrd. so‘mlik moliyaviy ko‘magi evaziga Turkiya va Xitoy davlatlaridan so‘nggi rusumdagi, zamonaviy tikuv uskunalarini xarid qildi va aylanma mablag‘larini to‘ldirdi. Natijada, tayyorlanayotgan mahsulotlarning hajmi yiliga 500 – 600 ming donaga yetib, ularning raqobatbardoshligi oshdi va eksport salohiyati yuqoriladi. 50 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni vaqtda “Furkan textile” tomonidan ishlab chiqarilayotgan kiyim – kechaklar Rossiya, Isroil, Qozog‘iston kabi davlatlarga yetkazib berilmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz zamonaviy va o‘z vaqtida ishlab chiqarishni olib borishdir. Aynan shu shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bozor talablarini to‘g‘ri qarshi olish imkonini beradi, ya’ni korxonani zamon bilan hamnafas tarzda ish olib borishini ta’minlaydi. “Turonbank” ATB bilan esa bu jarayonlar yana-da tezlashadi. Xususan, biz ham moliya muassasasi bilan hamkorlikda o‘z biznesimizni samarali rivojlantirib kelmoqdamiz. Dastlabki, olgan kreditimiz evaziga mahalliy xomashyolarni xarid qildik. Endi esa faoliyatimizni kengaytirish maqsadida “Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi” kredit liniyasi mablag‘i hisobidan yangi uskunalarni xarid qilish uchun yana 250 ming dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak olish ustida ish olib bormoqdamiz. Asosiy maqsadimiz eng avvalo ichki bozorni to‘ldirib, so‘ngra eksport hajmini oshirishdir, dedi “Furkan textile” MChJ rahbari Olim Mamatov.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Respublikamiz miqyosida ayni shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan korxonalar soni 12 250 taga yetgan. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar esa asosan Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston, Eron kabi qator mamlakatlarga eksport qilingan. Bunda esa albatta, sifatli va tezkor moliya xizmatlari bilan ishbilarmonlarga ko‘maklashib kelayotgan “Turonbank” ATBning o‘rni ahamiyatlidir.