“Turonbank” ATB krediti yangi “Melek” brendi yaratilishida asos bo‘ldi!

Kefir, ryajenka, yogurt, qaymoq, smetana, tvorog va pishloq singari sigir sutidan tayyorlanadigan mahsulotlarni barchamiz sevib iste’mol qilamiz. Sababi, ularning tarkibida oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlar, gormonlar, fermentlar, kamyob aminokislotalar, kalsiy va fosfor kabi 200 xildan ziyod himoyalovchi organik hamda mineral moddalar bor.

 002.jpg

Turgan gapki, bu elementlar inson organizmidagi moddalar almashinuv jarayonida qatnashib, qon ivuvchanligini yaxshilaydi va markaziy asab tizimi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bugun yurtimizda shu singari sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni yildan – yilga ko‘payib, taklif etilayotgan tovarlarning turi va xili oshib bormoqda.

“Turonbank” ATBning 7,1 mln. dollarlik moliyaviy ko‘magi bilan o‘z biznesini kengaytirgan “Diyora Fayz Gulshani” mas’uliyati cheklangan jamiyat shular jumlasidandir. Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan zavod 5.2 gektar maydonni egallagan bo‘lib, katta sanoat hududini tashkil etadi. Moliya muassasasi tomonidan taqdim etilgan kredit evaziga korxona ishlab chiqarish jarayoniga Turkiya va Xitoy davlatlarining sutni qayta ishlash va sog‘ish, ularni saqlash hamda biogaz ishlab chiqarish kabi zamonaviy  texnologiyalarni jalb qildi va Germaniya mamlakatidan 800 bosh qoramol olib keldi. Hozirgi kunda 1000 boshdan ortiq naslli qoramollar Yevropa standartlariga mos ravishda boqilmoqda. Natijada, 50 xildagi yuqori sifatli sut va sut mahsulotlari, un mahsulotlari hamda kungaboqar yog‘i ekologik toza xom – ashyolar asosida ishlab chiqarila boshlandi. Zavodning quvvati esa soatiga 10 tonna sutni qayta ishlash, yiliga 23 - 24 tonna pishloq, 19 – 20 tonna sut mahsulotlari, 60 – 70 tonna saryog‘ tayyorlashga yetdi

.            03.jpg

Turkiyaning “Most” firmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashtirilganligi esa sut sog‘ib olish jarayonlarini toza amalga oshirish imkonini berdi. Shuningdek, ularni filtrlash va muzlatkichlarda saqlash ham zamonaviy uskunalar orqali bajarilmoqda. Ahamiyatli jihati, jahon standartlariga to‘liq javob beruvchi bunday naslli qoramol boqish tizimi O‘zbekistonda yagonadir.   

Bundan tashqari, zavodda kalsiy tuziga boy, yuqori qiymatli ozuqa mahsuloti hisoblanmish “Gauda”, “Mozarella”, “Labne” singari qattiq va yumshoq navli pishloqlarni ishlab chiqaruvchi sex ham ishga tushirilgan. Undagi yuqori sifatli mahsulotlar esa Italiya, Shveysariya, Fransiya, Germaniya kabi yirik pishloq tayyorlovchi kompaniyalarnikidan hech ham qolishmaydi.

Yurtboshimiz tomonidan biznesni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar, har qanday ishbilarmonga shijoat bag‘ishlamoqda. Biz ham shu qulayliklardan foydalangan holda xalqimiz uchun sifatli bo‘lgan sut mahsulotlarini taqdim etishga qaror qildik. Loyihamiz ko‘p tarmoqli bo‘lgani uchun katta quvvatda ishlovchi zavodni qurishga kirishdik va bunda bizga “Turonbank” ATBning moliyaviy ko‘magi juda qo‘l keldi. Ya’ni, bugun aholimiz sevib iste’mol qilayotgan “Melek” brendi ostidagi sut va sut mahsulotlari, un hamda kungaboqardan o‘simlik yog‘i mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun eng zamonaviy uskunalar va zotli qoramollarni xarid qildik. Natijada, tez fursatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni payt 50 xil mahsulotlar mavjud bo‘lsa, yaqin yillarda ularning sonini 70 taga yetkazish rejalashtirilyapti, dedi “Diyora Fayz Gulshani” MChJ ta’sischisi Rustam Hasanov.

004.jpg

Biz O‘zbekistonlik sheriklarimizning taklifini zo‘r qiziqish bilan qabul qildik va sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni boshlab yubordik. Zavod qurilishi muvaffaqiyatli yakunlanganidan keyin Turkiyadagi brendlardan maxsus uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Aytishim kerak, “Melek” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ta’mi va sifati bilan jahon bozorlarida ham o‘z o‘rniga ega bo‘la oladi. Ha, yana shuni qo‘shimcha qilish lozim, biz O‘zbekiston iqlim sharoitini hisobga olgan holda ayron tayyorlashni ham boshladik. Bizning maqsadimiz odamlar dasturxoniga tabiiy, ekologik xavfsiz bo‘lgan mahsulot yetkazishdir, dedi Turkiyalik texnolog Akif Mehmet.

Asosiy maqsad ham aslida shu edi. Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlab, hamkorlikda import o‘rnini bosuvchi, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etish. Bu jarayonlarda esa “Turonbank” ATB faol qatnashib, o‘z biznes rejalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan tashabbuskorlarni ham huquqiy ham moliyaviy qo‘llab – quvvatlab kelmoqda.