Har safar xorijlik professor yoki mashhur ishbilarmonlarning so‘zlariga quloq tutsak, “- sizning yeringiz jannatmakon, u sehrli bir kuchga ega, tuprog‘ingiz oltinga teng” degan fikrlarni eshitamiz. Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar esa dastlabki taassurotlarini, sifatli va tilni yorar darajadagi mazali meva – sabzavotlarimizni e’tirof etishdan boshlashadi.

IMG_1418.JPG

Ha, aslida ham shunday. So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali xarajatlarni kamaytirish va hosildorlikni oshirish kabi masalalariga qaratilayotgan e’tibor natijasida nafaqat Markaziy Osiyo balki Yevropa davlatlarining yirik savdo markazlarida ham mijozlar O‘zbekiston mahsulotlariga o‘rganishdi va sevib iste’mol qilishmoqda.   

IMG_1430.JPG

Buning zamirida esa ishlab chiqarishga innovatsiyani keng tatbiq etish, zamonaviy issiqxonalar sonini ko‘paytirish, ayni yo‘nalishda chet el tajribasini o‘rganish va bu borada samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlarga keng imtiyoz va imkoniyatlar berish kabi ezgu harakatlar yotibdi. Ayniqsa, oddiy xo‘jaliklarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p hosil beruvchi, tuproq va go‘ngdan foydalanmasdan mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshiruvchi, eng asosiysi, tejamkor texnologiya hisoblangan gidroponika tizimi eksportbop mahsulot tayyorlayman degan dehqonning ko‘makchisiga aylandi.

IMG_1434.JPG

“Turonbank” ATBning 2,1 mln. dollarlik moliyaviy ko‘magi evaziga Navoiy viloyati Karmana tumanida yangidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxona tashabbuskorlari ham shu usulda pomidor yetishtirib, mahalliy va tashqi bozorni to‘ldirish niyatida. Umumiy qiymati 2,6 mln. dollarga teng bo‘lgan ushbu loyihani “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi “Serasan Yalpi Teknik” qishloq xo‘jaligi va injiniring markazi bilan hamkorlikda amalga oshirgan bo‘lib, Gollandiya va Turkiya texnologiyalari asosida sifatli pomidor mahsulotini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Obyektning umumiy maydoni 3,45 gektar bo‘lsa, shundan 3,20 gektari issiqxona hududi hisoblanadi. Ahamiyatli jihati shundaki, bu yerda bir mavsumda har gektarga 250 tonna mahsulot yetishtiriladi va uning 90% eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Issiqxona agronomining so‘zlariga ko‘ra, shu yilning oxiri va keyingi yilning boshlarida to‘liq hosil olish mumkin bo‘ladi.  

IMG_1444.JPG

Issiqxona barcha standartlarga to‘liq javob berishi bilan birga ortiqcha inson omilini ham cheklaydi. Deyarli barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan tizim orqali ishlaydi. Pokiza, yorug‘ va mo‘jaz joyda havo namligini tartibga soluvchi tumanlatgich uskunasi ishga tushsa go‘yo ko‘kdan mayin yomg‘irlar yog‘ayotgandek bo‘ladi. Shamollatish tizimi, sovutishga mo‘ljallangan kopressorlar, havo harorati, namlik va issiqlikni o‘lchaydigan datchik asboblari, mo‘tadillashtiradigan radiatorlar esa bularni muvozanatda ushlab turadi.

IMG_1445.JPG

Issiqxonadagi harorat, o‘simlikning suv va ozuqaga talabi kompyuter texnologiyalari orqali chuqur tahlil qilib boriladi va jamlangan xulosalar asosida miqdor hamda me’yor tajribali agronom tomonidan belgilanadi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv, tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Ushbu loyihani amalga oshirishimiz natijasida 50 nafarga yaqin mahalliy aholining bandligi ta’minlandi. Ular asosan issiqxona hududiga yaqin bo‘lgan “Do‘stlik”, “Sardoba” va “Xozara” mahallalarida iste’qomat qilishadi. Bu ishlarimizni yo‘lga qo‘yishda “Turonbank” ATB tomonidan berilgan ishonch va ajratilgan mablag‘ muhim ahamiyat kasb etdi. Buning natijasida biz o‘z issiqxonamizni barcha talablarga mos qilib bunyod etdik dedi “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi rahbari Ulug‘bek Fayziyev.

IMG_1438.JPG

Tashlandiq yerni ham xazinaga aylantiruvchi usul deya ta’riflanadigan gidroponikaning aslida afzalligi nimada? Eng muhimi, u yer tanlamaydi. Negaki, bunday majmualarda ko‘chat tabiiy tuproqqa joylashtirilmaydi, aksincha, maxsus tokchalardagi ozuqaga ekiladi. Bu esa bo‘sh yotgan maydonlardan ham foydalanishda ayni muddaodir. Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali esa ozuqa eritmalari o‘simlik ildiziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib boradi. Tuproqdagi kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash, yerni ekishga tayyorlash, organik o‘g‘itlar bilan boyitish, ishlov berish, sug‘orish uchun egatlar ochish, begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlari talab qilinmaydi. Suv esa 60-70 foiz tejaladi.

IMG_1426.JPG

Pomidor o‘simligi uchun kunduz kuni havoning harorati – 19-26°S va tunda – 15-19°S bo‘lishi kerakligini hisobga olsak, “Turonbank” ATB ko‘magida tashkil etilgan ushbu zamonaviy issiqxonada bu masala muammo bo‘lmasligi turgan gap.

Xulosa shuki, ajratilayotgan mablag‘lar, yaratilayotgan yangilik va yengilliklar bejizga bo‘layotgani yo‘q. Uning samarasini mana shunday istiqbolli loyihalarning hayotga tatbiq etilgani bilan ifodalash mumkin. Endigi vazifa esa ushbu tarmoqni yana-da rivojlantirish hamda meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saralash, qadoqlash va eksport qilishning butun zanjirini o‘z ichiga oluvchi klasterlarni tashkil etishni jadallashtirishdir. Bunda esa tashabbuskor ishbilarmonlarga “Turonbank” ATB o‘zning beminnat xizmatlarini taklif etadi.