“Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Mirzayev Chori Sadibaqosovichning korrupsiyaga qarshi kurashish, taraqqiyot kushandasi bo‘lgan ushbu illatga barham berish yuzasidan yo‘llagan murojaati
Hurmatli bank jamoasi va qadrli mijozlar!
Hech kimga sir emas, bugungi kunda mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalaridagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. So‘nggi yillarda bu bo‘yicha yaratilgan huquqiy baza ham so‘zimizni isbotlaydi.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi yurtimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni samarali amalga oshirilishini taʼminladi.
Ayni keng qamrovli o‘zgarishlar barobarida “Turonbank” ATB ham o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, bu kabi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, shuningdek ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish maqsadida maxsus tuzilma tashkil etdi. Jumladan, xalqaro standartlar talablariga javob beruvchi zamonaviy Komplayens-nazorat tizimi amaliyotga tadbiq etildi va bu bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq belgilandi.
Bejizga emas, Davlatimiz rahbari ham ushbu illatning naqadar xavfli ekanligini har safar takror va takror taʼkidlamaydilar.
“Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”
Darhaqiqat, davlat xizmatchisining eng avvalo yuragi, vijdoni va qo‘li toza, ko‘ngli ochiq, aql va zakovat sohibi bo‘lsa, u albatta el-yurt ishonchini, mehrini va eʼtiborini qozona oladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz masʼul ekanligimizni unutmaylik.
Hurmatli bank jamoasi va qadrli mijozlar!
Mazkur murojaatim orqali Sizlardan “Turonbank” ATB tizimida shu kabi korrupsion holatlar kuzatilganda yoki shubha tug‘diruvchi va noqonuniy holatlar yuz berganida aloqa kanallarimiz va rasmiy saytimizdagi “Komplayens ofitser”ga murojaat qilishingizni so‘rab qolaman.
Unutmang, murojaatingiz maxfiyligi kafolatlanadi!