“Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi boshchiligida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida amalga oshirilayotgan qator istiqbolli qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan yaqindan tanishildi.

Xususan, Bulung‘ur tumani hududida joylashgan Xo‘jamazgil massivida amalga oshirilayotgan uzumchilik loyihasi ko‘zdan kechirildi. Mazkur loyiha hududning agroiqlimiy sharoitidan samarali foydalanish, yuqori hosildor navlarni yetishtirish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga qaratilgan
Shuningdek, “Bulung‘ur Agrostar” MChJ tomonidan olib borilayotgan kartoshkachilik loyihasi hamda zamonaviy kartoshkachilik agrokompleksini qurish ishlari o‘rganildi. Ushbu loyiha ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, saqlash va qayta ishlash tizimini rivojlantirish orqali ichki bozorda barqaror ta’minotni shakllantirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishni nazarda tutadi. Xizmat safari davomida loyihalarning moliyaviy ta’minoti, amalga oshirish bosqichlari va ularning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilindi. Mas'ullarga loyihalarni jadallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, bunday tashabbuslar qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, hududlar iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









