Ohangaron tumani hokimi Bahromjon Norqobilov hamda Turonbank Boshqaruv Raisi Chori Mirzayev tumanda faoliyat yuritayotgan yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida korxonalar faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “Zalalmowafaq FZ” MChJ faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxona turli turdagi salqin ichimliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ichki bozorda iste’molchilarga sifatli va zamonaviy standartlarga mos mahsulotlarni yetkazib bermoqda. Uchrashuvda korxonaning kelgusidagi investitsiya rejalari ham muhokama qilindi. Korxona rahbariyati tomonidan Ohangaron tumanida qiymati 120 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yangi yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish niyati borligi bildirildi. Mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha 8 gektar yer maydoni zarurligi qayd etildi.

TuronBank Boshqaruv Raisi shuningdek “Egida Simaks” korxonasida ham bo'ldi, bu korxonada Yevropa texnologiyalari asosida elastik penopoliuretan (porolon), matraslar va yumshoq mebellar uchun yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, bugungi kunda avtomobillarning salon qismi uchun zarur bo‘lgan xomashyo – obshivka mahsulotlari mahalliylashtirilgan bo‘lib, avvallari ushbu mahsulotlar Janubiy Koreya va Braziliyadan import qilingan. Hozirda korxonada 150 nafardan ortiq fuqaro mehnat qilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish orqali ish o‘rinlari sonini 200 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng “Poly Faktor” korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxona O‘zbekiston polimer sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, PVX granulalari va polimer xomashyolari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada kabel mahsulotlari, poyabzal tagliklari, shlanglar va boshqa sanoat mahsulotlari uchun xomashyo tayyorlanadi. Uchrashuv davomida kabellar uchun yonmaydigan izolyatsiya va himoya qobig‘i ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilinib, ushbu loyiha import hajmini qisqartirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga “Premier Elektrotech” korxonasida ham bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Korxona “PREMIER” brendi ostida 20 dan ortiq turdagi maishiy texnika va elektronika mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Xususan, konditsioner va monobloklar ishlab chiqarish yo‘nalishida 200 nafarga yaqin mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Korxona tomonidan kelgusida misdan tayyorlanadigan ayrim ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

TuronBank Boshqaruv Raisi Chori Mirzayev “Sammix Naslchilik” korxonasida ham bo‘lib, parrandachilik sohasidagi zamonaviy ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishdi. To‘liq avtomatlashtirilgan ushbu korxona mahalliy va xalqaro bozor talablariga mos, yuqori genetik ko‘rsatkichlarga ega ona parrandalarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi. Uchrashuv davomida korxonani yanada kengaytirish hamda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan Turonbank bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar davomida tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahalliylashtirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.