Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi, avvalo, belgilangan vazifa va topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli hamda to‘liq ijro etilishiga bog‘liq. Shu bois ijro intizomini mustahkamlash davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarida samaradorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
“Turonbank” ATBda ham davlat organlari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, topshiriqlarni mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning bajarilishini tizimli monitoring qilish va nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “edo.ijro.uz” elektron platformasi orqali kelib tushayotgan hujjat va topshiriqlarni ro‘yxatga olish, mas’ul ijrochilarni belgilash, ijro jarayonini monitoring qilish hamda belgilangan muddatlarga rioya etilishini nazorat qilishning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 1-yanvaridan 1-oktabriga qadar mazkur platforma orqali bankka 198 ta hujjat kelib tushgan bo‘lib, ular asosida 448 ta topshiriq shakllantirilib, tegishli mas’ullarga ijro uchun yo‘naltirilgan.
Shundan 87 ta hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon, qaror va farmoyishlar, shuningdek, yig‘ilish bayonlari asosida shakllantirilgan topshiriqlarga to‘g‘ri keladi.
Hisobot davrida topshiriqlar manbalar kesimida quyidagicha taqsimlangan:
- Vazirlar Mahkamasi hujjatlari — 46 ta hujjat, 73 ta topshiriq;
- Prezident Administratsiyasi topshiriqlari — 7 ta hujjat, 9 ta topshiriq;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari — 87 ta hujjat, 200 ta topshiriq;
- Hukumat komissiyalari topshiriqlari — 58 ta hujjat, 166 ta topshiriq.
Bankda har bir topshiriqning ijrosini ta’minlashda aniq muddat, mas’ul ijrochi va nazorat mexanizmi belgilangan. Ijro holatini muntazam monitoring qilish orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kechikishlarning oldini olish, mas’uliyatni oshirish va topshiriqlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlashga erishilmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilayotgan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash bank faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada har bir topshiriqni shunchaki bajarish emas, balki uning mazmun-mohiyatini chuqur anglagan holda aniq natijaga yo‘naltirilgan ijroni ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Qat’iy ijro intizomi — bu faqat nazorat va muddatlarga rioya qilish emas. U boshqaruv mas’uliyati, jamoaviy hamjihatlik, vazifaga daxldorlik va belgilangan maqsadlarni amaliy natijaga aylantirish madaniyatini ham anglatadi.
“Turonbank” ATB jamoasi bundan buyon ham belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, davlat organlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, ijro intizomini kuchaytirish va har bir topshiriqning amaliy natijadorligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarni izchil davom ettiradi.








