Matbuot anjumani: 2023-yil sarhisobi!
Joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankining 2023-yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan navbatdagi press – anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda bank Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova, Chakana biznes departamenti direktori Eldor Voxobov, Kichik va o‘rta biznes departamenti boshqarma boshlig‘i Ravshan Fayziyev hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etishdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston moliya bozorida 33-yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda Respublika bo‘yicha o‘zining 21 ta bank xizmatlari markazi va 70 dan ziyod ofislari orqali 622 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘tgan 2023-yilda tijorat banki fuqarolarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish, biznes egalarining istiqbolli loyihalarini qo‘llab – quvvatlash, yangi mahsulotlarni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha samarali ishlarni olib bordi.
Xususan, 2024-yilning 1-yanvar holatiga bankning jami kapitali 1 trln. 897 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Ayni shu davrda aktivlar 15 trln. 939 mlrd. so‘mga yetib, 23,8 foizga oshdi. Shuningdek, o‘tgan 2023-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan jalb qilingan depozitlar miqdori 4 trln. 661 mlrd. so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yil bilan solishtirganda 33,5 foiz ko‘p demakdir. Jami kredit qo‘yilmalari esa 11 trln. 894 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 26%ga o‘sdi.
Bundan tashqari, hisobot davrida biznes egalarini moliyaviy qo‘llab – quvvatlash maqsadida bank tomonidan 3 trln. 202 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Shundan kichik biznes subyektlariga 1 trln. 437 mlrd. so‘m, ayollar tadbirkorligiga 86 mlrd. so‘m, yoshlarning startaplarini amalga oshirish uchun 82 mlrd. so‘m va boshqa qator yo‘nalishlarning mablag‘lar yo‘naltirildi.
Yirik korporativ mijozlarning istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirish uchun esa Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning Eksimbanki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Xitoyning Eksimbanki, Germaniyaning “AKA” banki, Chexiyaning CSOB banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yana-da faollashtirildi.
Ular orqali “Qishloq xo‘jaligi”, “Chorvachilikni rivojlantirish”, “Oziq – ovqat mahsulotlarini qayta ishlash”, “To‘qimachilik va tekstil”, “Meva – sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish”, “Turizm”, “Xizmatlar sohasi” hamda “Hunarmandchilik” kabi o‘nlab yo‘nalishlarga xorijiy kredit liniyalari o‘zlashtirildi. Xususan, hozirgi kunga qadar 1000 dan ortiq loyihalarga 270 mln. AQSh dollarlik mablag‘ ajratildi.
“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki o‘tgan 2023-yilda endigina o‘z biznesini boshlayotgan yoki kapitallashuv darajasini oshirish istagida bo‘lgan kichik biznes subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham bir qator manfaatli xizmatlarni taklif etdi.
Xususan, “Aylanma mablag‘larni to‘ldirish”, “Ishlab chiqarishni qo‘llab - quvvatlash”, “Mikrokreditlash”, “Invest loyihalarni rivojlantirish”, tender savdolarida qatnashishlari uchun “Bank kafolati”, “Eksport amaliyotlarini bajarish” hamda quyosh panellari uchun “Eko panel” nomli mahsulotlari shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarning bo‘sh turgan sarmoyalarini yuqori foyda bilan xavfsiz ko‘paytirish maqsadida milliy valyutada 20%dan, xorijiy valyutada esa 7%dan depozitlar taklif etilmoqda. Qolaversa, ishbilarmonlarimizning vaqtlari va mablag‘larini tejash maqsadida, bank tomonidan ular uchun hisobraqamlarga masofadan xizmat ko‘rsatuvchi maxsus “TuronBusiness” mobil ilovasi, “SMS va Internet banking” xizmati hamda “One Touch” singari innovasion dasturlar ham ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur kulaylikdan qariyb 48 ming nafar yuridik mijozlar foydalanishmoqda.
Shuningdek, press – anjuman davomida o‘tgan 2023-yilda jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar, taklif etilgan yangi mahsulotlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Unga ko‘ra, “Turonbank” ATB tomonidan jismoniy shaxslarga umumiy hisobda 1 trln. 612 mlrd. so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilgan. Ularning 343 mlrd. so‘mi 1 598 nafar mijozga ipoteka kreditiga, 8,2 mlrd. so‘mi 284 nafar mijozga iste’mol kreditiga, 336 mlrd. so‘mi 25 ming 569 nafar fuqaroga mikroqarzga, 906 mlrd. so‘mi 5 ming 695 nafar mijozga avtokreditga,18,3 mlrd. so‘mi 2 ming 41 nafar talabalarga ta’lim kreditga va 74 mlrd. so‘mi 13 ming 809 nafar mijozga onlayn mikroqarzga rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, 2023-yil yakunlari bo‘yicha “Turonbank” ATB kassalariga 1 trln. 552 mlrd. so‘mga teng aholi omonatlari jalb etilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga o‘sdi. Buning natijasida mijozlarga qulay va manfaatli bo‘lgan milliy valyutada “Ipoteka”, “Ustivor”, “Imkoniyat plus”, “Maksimum onlayn” hamda xorijiy valyutada “Optimum” omonatlari taqdim etildi.
Qolaversa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini ko‘paytirish bo‘yicha 2023-yilda 599 ming 162 dona milliy valyutadagi plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan 371 ming 710 donasi “UzCard” va 227 ming 452 tasi “Humo” tizimidagi plastik kartochkalar hisoblanadi. Shu bilan birga, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 3 mingga yaqin “Visa” hamda 15 ming 299 ta “MasterCard” xalqaro plastik kartochkalarini ham fuqarolarga ochib berdi. Mazkur plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashitirish, kirim qilish va boshqa amaliyotlar uchun butun Respublika bo‘yicha 144 ta “UzCard”, 132 ta “Humo” va 63 dona valyuta ayirboshlash xususiyatiga ega bankomatlar ishlab turibdi.
Yana bir jihatni qo‘shimcha qilish lozim. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022-yilda bankning yangi “MyTuron” mobil ilovasining yangilangan talqinini ishlab chiqdi. Yangi dizayn, zamonaviy interfeys va ko‘plab bank xizmatlarini o‘zida jamlagan ilovani 2023 yakunlari bo‘yicha 150 mingdan ortiq foydalanuvchilar yuklab olishdi va indentifikatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tishdi. “MyTuron” mobil ilovasida bir necha daqiqa ichida onlayn mikroqarz olish, “UzCard”, “Humo”, “Visa” va “Mastercard” plastik kartalariga buyurtma berish, “Humo Virtual” kartasini bepul ochish kabi ko‘plab funksiyalar mavjud.
OAV vakillarining savollariga javob berar ekan, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki vakillari bugungi kunda mijozlar uchun taklif etilayotgan va ommalashib borayotgan bank mahsulotlariga ham to‘xtalishdi.
Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab - quvvatlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam” nomli kredit turi ham ishlab chiqilganligi aytildi. Uning doirasida fuqarolarga 5 mln. so‘mgacha bo‘lgan moliyaviy ko‘makni hech qanday boshlang‘ich to‘lov va garovlarsiz, shunchaki sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi bilan olishlari mumkin bo‘ladi. Agarda ular o‘z bizneslarini yana-da kengaytirish istagida bo‘lsalar qo‘shimcha yana 300 mln. so‘mgacha mikrokredit ham ajratiladi. Faqatgina bunda ko‘char, ko‘chmas mulk yoki avtotransport vositasi garov sifatida taqdim etilishi lozim.
Qolaversa, mijozlarga “Iste’mol krediti”, “Mikroqarz”, “Rasmiy daromadsiz mikroqarz”, “Sayohat uchun kredit”, “Sog‘liqni saqlash uchun kredit” va “Ta’lim krediti” kabi mahsulotlar ham taqdim etilmoqda. Ular haqida batafsil bankning www.turonbank.uz rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki o‘tgan 2023-yilda mamlakat moliya bozoridagi o‘z o‘rni va imijini yana-da mustahkamlab, jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘plab yangi xizmat va mahsulotlarni taqdim etdi.
“Turonbank” ATB Axborot xizmati.