Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi, eng avvalo, qabul qilinayotgan qaror va topshiriqlarning o‘z vaqtida hamda sifatli ijro etilishiga bog‘liq. Shu bois bugungi kunda davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarida ijro intizomini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

“Turonbank” ATBda ham ijro intizomini ta'minlash, davlat organlari tomonidan yuklatilgan vazifalarni tizimli tashkil etish va ularning bajarilishini doimiy nazorat qilish borasida zamonaviy yondashuvlar joriy etilgan. Xususan, “edo.ijro.uz” elektron platformasi orqali topshiriqlar ijrosini monitoring qilish, mas'ul ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning 1-yanvaridan 1-iyuliga qadar mazkur platforma orqali bankka 155 ta hujjat kelib tushib, ular asosida 339 ta topshiriq shakllantirildi va ijroga yo‘naltirildi.

E'tiborlisi, ushbu topshiriqlarning 65 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmonlar, qarorlar, farmoyishlar hamda yig‘ilish bayonlari asosida shakllantirilgan. Bu esa “Turonbank”ning davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash, iqtisodiy islohotlarni amaliyotga samarali tatbiq etish borasidagi mas'uliyatli yondashuvini yaqqol namoyon etadi.

Hisobot davrida topshiriqlar quyidagi manbalar kesimida ijroga qaratildi:

* Vazirlar Mahkamasi hujjatlari – 23 ta hujjat, 41 ta topshiriq;
* Prezident Administratsiyasi topshiriqlari – 4 ta hujjat, 4 ta topshiriq;
* O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari – 65 ta hujjat, 41 ta topshiriq;
* Hukumat komissiyalari topshiriqlari – 45 ta hujjat, 125 ta topshiriq.

Bankda barcha topshiriqlar belgilangan muddatlarda, amaldagi tartib va sifat mezonlariga qat'iy rioya etilgan holda bajarilmoqda. Har bir topshiriq bo‘yicha aniq ijro mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgani, tizimli monitoring va doimiy nazoratning yo‘lga qo‘yilgani ijro samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

“Turonbank” ATB faoliyatida ijro intizomi nafaqat boshqaruv samaradorligini ta'minlovchi muhim omil, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishning muhim mezoni sifatida qaraladi.

Kelgusida ham bank jamoasi Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash, davlat organlari bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qat'iy ijro intizomi asosida bank tizimi samaradorligini oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib borishda davom etadi.