Munosabat: bankomatlarning faol holatda bo‘lishi, doimiy texnik profilaktik sozlash ishlarini talab etadi!

“BASTION” telegram kanalida e’lon qilingan murojaatga nisbatan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Ayni vaqtda “Turonbank” ATBning butun Respublika miqyosidagi 21 ta bank xizmatlari markazi va 72 ta ofisiga qarashli 350 ga yaqin “UzCard”, “Humo” va “Valyuta ayirboshlovchi” zamonaviy bankomatlari ishlab turibdi. Shuningdek, “Inkassatsiya to‘lovlarini qabul qilish”, “Kredit qarzdorligini so‘ndirish” va “Plastik kartochkalarni naql pul bilan to‘ldirish” kabi xizmatlarni ko‘rsatuvchi 50 dan ziyod Avtomatlashtirilgan depozit mashinalari ham mavjud.

Ushbu qurilmalarning doimiy sozligini ta’minlash, zaruriy texnik amaliyotlarni bajarish uchun esa aniq grafik asosida profilaktik ishlar olib boriladi. Katta ehtimol bilan murojaatchi tashrif buyurgan vaqtda ham “Avtomatlashtirilgan depozit mashinalari” shu tadbirlar doirasida vaqtinchalik texnik tanaffusda bo‘lgan.

Har qanday vaziyatda ham keltirilgan noqulaylik uchun mijozlardan uzr so‘rab, bank faoliyatiga taalluqli barcha murojaat, e’tiroz va takliflarni 1220 aloqa markazi, www.turonbank.uz rasmiy sayti, telegram, feysbuk, instagram kabi sahifalariga yo‘llashlarini so‘rab qolamiz.

“Turonbank” ATBning asosiy rivojlanish maqsadi va missiyasi eng avvalo mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishdir. Shunday ekan, olib borilayotgan barcha sa’yi – harakatlar ayni shu mezonga muvofiq amalga oshiriladi.

E’tiboringiz uchun rahmat!