Adliya vazirligi va “Madad” NNT hamkorligida qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Denov tumanida tashkil etilgan “Dilorom Coop” qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolari uchun “Turonbank” ATB tomonidan maxsus seminar-trening o‘tkazilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — kooperativ a’zolarining moliyaviy savodxonligini oshirish, zamonaviy moliyaviy vositalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishtirish.
Seminar davomida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va yangi daromad manbalarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ishtirokchilar “Turonbank” ATB tomonidan tashkil etilgan “Loyihalar fabrikasi” faoliyati bilan tanishib, biznes g‘oyalarini shakllantirish, loyihalarni moliyalashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda zamonaviy kasblarga o‘qitish, yangi ko‘nikmalarni egallash va raqamli imkoniyatlardan daromad olish yo‘llari bo‘yicha treninglar tashkil etilmoqda.
Bunday tashabbuslar, avvalo, qishloq hududlarida xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash va barqaror daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi.















