Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Turonbank Boshqaruv Raisi o’rinbosari Z.Obidov hamda tuman hokimi D.Qodirov hamkorligida tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqotlar hamda xonadonbay o‘rganishlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda 51 nafar fuqaro va tadbirkor ishtirok etib, 11 ta murojaat bildirildi. Ularning asosiy qismi tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, kredit mablag‘laridan foydalanish, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ish o‘rinlari yaratish masalalariga taalluqli bo‘ldi.
Xususan, sochiq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 200 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha natijasida eksport salohiyatini oshirish va qo‘shimcha 10 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ko‘chat yetishtirish, chorvachilik, umumiy ovqatlanish va chakana savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan yoki yangi biznes boshlash istagidagi fuqarolarning murojaatlari o‘rganilib, tegishli dasturlar doirasida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Eng muhimi, ishlar faqat tadbirkorlar bilan uchrashuvlar bilan cheklanmay, xonadonbay o‘rganishlar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ehtiyojlari ham manzilli o‘rganildi. Fuqarolarning mavjud imkoniyatlari tahlil qilinib, ularni daromadli mehnatga jalb etish, kasb-hunarga yo‘naltirish va oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Har bir murojaat — e’tibor, har bir tashabbus — imkoniyat. Bunday manzilli yondashuv hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.














