Joriy yilning 17-avgust kuni Markaziy bank Davlat dasturlari bilan ishlash departamenti direktori D.Karimov, “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi o‘rinbosari Z.Obidov hamda Toshkent shahar BXM rahbari R.Mahmudov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan hududlarda navbatdagi amaliy o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar doirasida Loyiha fabrikasi faoliyati bilan tanishilib, mahallalarda fuqarolar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Muloqotlar davomida aholining murojaatlari, tadbirkorlarning takliflari hamda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlarning bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolarga joyida yechim topish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar yakunida hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, yangi loyihalarni ishga tushirish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. “Turonbank” ATB tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar bilan bevosita muloqot asosida ishlash, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Yangi loyiha — yangi imkoniyat, yangi imkoniyat — yangi daromad!















