Joriy yilning 9-aprel kuni Zo’r TV telekanalining “Bu kun” informatsion dasturida Andijon viloyati Izboskan tumanida issiqxona qurilishi bilan bog‘liq kredit masalasi yuzasidan tanqidiy lavha efirga uzatildi.

Mazkur holat “Turonbank“ ATB tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, bankning Matbuot xizmati hamda hududiy bo‘linma mas’ul xodimlari ishtirokida atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, mazkur loyiha doirasida ishtirok etgan 94 nafar fuqaroning 14 nafari o‘z kredit majburiyatlarini to‘liq bajargan, qolgan 80 nafar fuqaro tomonidan esa kredit qarzdorliklari to‘liq so‘ndirilmagan.

Shu munosabat bilan, mazkur fuqarolar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, mavjud vaziyat yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi hamda ijtimoiy jihatlar inobatga olingan holda masala o‘zaro kelishuv asosida ijobiy hal etildi.

“Turonbank“ ATB mijozlar manfaatlarini himoya qilish, yuzaga kelgan masalalarni ochiq va adolatli hal etish tamoyillariga qat’iy amal qilib kelmoqda. Bank tomonidan ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar davom ettiriladi.