“Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Chori Mirzayev Andijon viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari davomida hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab Oltinko‘l tumani hokimi o‘rinbosari Elyor Abdullayev, Sharq yulduzi mahallasi raisi O‘ktamxon Axmedova hamda mahalla bankiri hamrohligida mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek mazkur mahalladagi asosiy loyiha “Golden Lemon Fruit” MChJga qarashli 10 gektar maydondagi zamonaviy limonchilik issiqxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Loyiha doirasida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori hosildor limon navlari yetishtirilmoqda. Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulot sifati xalqaro standartlarga muvofiq ta’minlanib, eksport geografiyasini kengaytirish hamda ichki bozorni sifatli limon mahsulotlari bilan ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Korxonada limon yetishtirish bilan bir qatorda, tabiiy limon sharbati ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shimcha qiymat yaratish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va iste’molchilarga ekologik toza mahsulotlar yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalish korxonaning qayta ishlash salohiyatini oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari loyiha faoliyatini yanada kengaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, mahsulotni qayta ishlash quvvatlarini oshirish hamda eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan fikr almashildi va zarur tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tadbirkor faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar va mavjud masalalar tinglanib, ularni bartaraf etish hamda loyihani yanada rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

photo_3_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_1_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_2_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_4_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_5_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_6_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_7_2026-07-27_17-46-54.jpg
photo_8_2026-07-27_17-46-54.jpg