"TuronBank" ATB Boshqaruv Raisi Chori Mirzayev xizmat safari bilan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi hamda bank ko‘magida amalga oshirilayotgan qator investitsion loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Xizmat safari davomida Qamashi tumanining Qo‘shkapa mahallasida joylashgan, 4 gektar maydonda tashkil etilgan limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Issiqxona hududidagi yer maydonlaridan 26 nafar ishsiz yoshga 10 sotixdan yer ajratish hamda ularning bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Mazkur loyiha hududda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, limon yetishtirish hajmini oshirish, yuqori hosildorlikka erishish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan, ichimlik suvi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Langar Premium Mineral Water" MChJ faoliyati bilan tanishildi. Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot sifati va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Boshqaruv Raisi Nishon tumanining Paxtazor MFY hududida amalga oshirilayotgan yirik issiqxona loyihasini ham ko‘zdan kechirdi. Mazkur hududda 15 gektar maydonda 50 sotixdan jami 30 nafar tadbirkor uchun Turonbank kredit mablag‘lari hisobidan limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar tashkil etilgan. Loyiha doirasida 90 nafardan ortiq doimiy hamda 150 nafardan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

Ayni paytda issiqxonalarda limon yetishtirish bilan bir qatorda oraliq ekin sifatida bulg‘or qalampiri, bodring va pomidor kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham parvarishlanmoqda. Bu esa yer maydonlaridan samarali foydalanish va tadbirkorlarning daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xizmat safari davomida Boshqaruv Raisi Maydanak balandtog‘ turistik markazida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Xususan, shale uylari, resepshen hamda restoran binolarining qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, loyihaning bugungi holati baholandi.

Qurilish ishlarining sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi hamda sayyohlar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, Maydanak balandtog‘ turistik markazi loyihasi hududning turistik salohiyatini oshirish, zamonaviy dam olish infratuzilmasini shakllantirish hamda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

photo_6_2026-06-11_16-47-22.jpg
photo_5_2026-06-11_16-47-22.jpg
photo_3_2026-06-11_16-47-22.jpg
photo_4_2026-06-11_16-47-22.jpg
photo_2_2026-06-11_16-47-22.jpg
photo_1_2026-06-11_16-47-22.jpg