9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Antikorrupsiya oyligi” doirasida “Turonbank” ATBda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasidan vakillar, bank xodimlari hamda moliya sohasida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
“Turonbank” ATB Komplayens nazorat departamenti direktori Turonbankda Korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar borasida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Turonbank” ATB tizimida bank Boshqaruvining 2021-yil 31-maydagi 45/1-sonli qarori bilan mavjud “Ichki nazorat departamenti” halqaro andozalarga muvofiq “Komplaens nazorat departamenti” sifatida qayta tuzildi hamda uning tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki tuzilmasi ya’ni Komplaens nazorat boshqarmasi tashkil etildi. Komplaens nazorat tizimi joriy etilgandan so‘ng sohaga oid jami 10 ta ichki me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Komplayens nazorat yo‘nalishida bankning ichki me’yoriy hujjatlarini korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazish faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, bankning tarkibiy tuzilmalari tomonidan ishlab chiqilgan yoki ishlab chiqilayotgan ichki me’yoriy hujjatlar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ekspertizadan o‘tkazib boriladi. Bugungi kun holatiga bank bosh ofisidagi 24 ta tarmoqlarning ichki me’yoriy hujjatlari hamda bank xizmatlari markazlari rahbarlarining lavozim majburiyatlari qaytadan ko‘rib chiqildi.
Mijozlar va xodimlarning murojaatlarini qabul qilish uchun ham alohida tizim yo‘lga qo‘yilgan, xususan:
- 24/7 rejimida murojaatlarni qabul qiluvchi rasmiy telegram bot @turonbankantikor_bot;
- anticorrup@turonbank.uz elektron pochtasi;
- tezkor ishonch telefoni (+99871 244 28 89) faoliyat yuritmoqda.
www.turonbank.uz saytida ham murojaatlarni qoldirish uchun alohida sahifa mavjud.
Bundan tashqari Turonbankda mijozlarga sifatli va shaffof bank xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan anderrayting tizimi hamda inson omili ishtirokisiz 24/7 rejimda ishlaydigan, masofadan bank mijoziga aylanib uning xizmatlaridan foydalanmish imkonini taqdim etuvchi MyTuron mobil ilovasi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek Turonbank ATB kelgusida ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi samarali faoliyatni davom ettiradi.