“Turonbank” ATB Boshqaruv raisi Xorazm viloyatiga xizmat safari doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, tadbirkorlik va infratuzilma loyihalari bilan tanishdi.
Xususan, Yangibozor tumanida tayanch mahalla sifatida tanlab olingan “Iftixor” MFYda mahalla yettiligi bilan uchrashuv o‘tkazilib, hududda amalga oshirilgan ishlar, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Fayz baraka Xorazm” MCHJ issiqxonasi faoliyati o‘rganilib, tadbirkor Shokir Xudoyberganov tomonidan yetishtirilayotgan limonlar, agrotexnologik jarayonlar va hosildorlik ko‘rsatkichlari bilan tanishildi.
Tadbirkor bilan suhbatda limonchilikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Yangibozor tumanidagi “Bogolon Green House” MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan 1 gektar maydondagi limonchilik issiqxonasi loyihasi ham ko‘zdan kechirildi. Loyihaning ishlab chiqarish quvvati, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari hamda limonchilik yo‘nalishini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Yangibozor tumani Oltinko‘l MFY hududida esa “Munir Shaxzoda” MCHJ tomonidan bankning 2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga tashkil etilayotgan intensiv baliq yetishtirish loyihasi o‘rganildi.
Loyihining borishi, ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish, mahsulot hajmini oshirish va aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Xizmat safari davomida Gurlan tumanida “Baraka Fayz Invest” MCHJga ajratilgan bank kafolati asosida amalga oshirilayotgan oqova suv tarmog‘ini barpo etish loyihasi ham joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Qurilish-montaj ishlarining borishi, loyihani sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mahallalarda aholi va tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish, istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun munosib sharoitlar ta’minlashga xizmat qiladi.

















