Yangi bilimlarni egallamagan kunimiz, behuda o‘tgan va qaytarib bo‘lmaydigan vaqtimizdir. Shuning uchun ham yuqori cho‘qqilarni zabt etishni maqsad qilgan inson har kuni o‘zi uchun yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishni muhim deb hisoblaydi. Turonbank jamoasi ana shunday yangiliklarga intiluvchi insonlardan tashkil topgan. Bank rahbariyati tomonidan ham xodimlarning yangi bilimlarni egallashlariga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun yetarlicha shart-sharoitlar ham yaratilgan. Open Air mavsumida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarni ham bunga misol qilib keltirishimiz mumkin.
Tabiat qo‘ynida o‘tkazilgan navbatdagi «Team building»da Mijozlar servisi va marketing departamenti, Bank apparati va hududlardagi bank markazlari xodimlari ishtirok etdi.
Bank xodimlari xalqaro toifadagi trener ishtirokida o‘tkazilgan Taym-menejment, ish jarayonida yuzaga keladigan stress holatlardan to‘g‘ri chiqib ketish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, bu borada ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa Elektron hujjatlar aylanish tizimi bilan ishlash hamda bankda ijro intizomi nazoratini sifatli va samarali tashkil etish mavzulari muhokama qilindi.
Shuningdek, lotin alifbosida ish yuritish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unda, Xalqaro Islom akademiyasi dotsenti ishtirokida lotin yozuvida hujjatlar bilan ishlashda yuzaga keladigan masalalar haqida so‘z yuritildi. Bank xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.
“Turonbank” ATBda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi qarori ijrosini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan seminar-trening ishtirokchilari uchun “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga sayohat uyushtirildi. Shu bilan birga, Bo‘stonliq tumanidagi manzarali va ko‘ngilochar hududlarda bo‘lib, go‘zal tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lishdi.
Bank xodimlarining yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari bilan bir qatorda mazmunli dam olishlari uchun «Turonbank» ATBda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
17 Okt 2022