«Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman» – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatdan ham yoshlar bu xazina, ularning bilimi, yangiliklarga intilishdagi shijoati to‘g‘ri yo‘naltirilsa yuqori natijalarga erishish mumkin. Shuning uchun ham “Turonbank” ATBda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, dunyo moliya bozorida ro‘y berayotgan tendensiyalardan o‘z vaqtida xabardor qilish maqsadida turli seminar-treninglar hamda ochiq muloqotlar tashkil etiladi.
30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Respublika miqyosidagi 20ta filialda mehnat qilayotgan eng faol va intiluvchan hamda turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab, bank rivoji uchun jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan yosh bankirlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar, bank Boshqaruv Raisiga o‘z taklif va istaklarini aytib, bankni rivojlantirish yo‘lidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tabiat qo‘ynida tashkil etilgan uchrashuvga O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi vakillari ham taklif etildi, ular Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid Davlat siyosati va Davlat dasturlari haqida maʼlumotlar berishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro Islom akademiyasi dotsenti, xalqaro toifadagi trener Suxrob Xidirov esa vaqtdan to‘g‘ri foydalanish yaʼni taym-menejment hamda ish faoliyati davomida stressni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, tavsiyalar berdi.
Shuni ham taʼkidlash lozimki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi qarori ijrosini taʼminlash masalasiga “Turonbank” ATBda alohida eʼtibor qaratiladi. Shu sababli moliya muassasasining eng faol va tashabbuskor yoshlari yangi barpo etilgan va ko‘plab mehmonlarni o‘ziga jalb etayotgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da sayr qilishdi. Tabiat qo‘ynida dam olib Bo‘stonliq tumanidagi manzarali va ko‘ngilochar hududlarga sayohat qilishdi.
Maʼlumot o‘rnida:Bugun Turonbanda 1 yarim ming nafarga yaqin xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 472 nafari yaʼni 32,6 foizi yoshlardir. Turonbankda talaba yoshlar ham o‘qib, ham ishlash imkoniyatiga ega. Albatta bundan avval yoshlar maxsus test va suhbatlardan o‘tishi lozim. Bugun Turonbankda ishlayotgan 500 nafarga yaqin yoshlarning aynan 60%i ana shunday test imtihonlari va suhbatlardan o‘tib bugun moliya muassasida o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Bankning ertangi kuni, uning rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yoshlar, tashabbuskorlik, yangiliklarga intilish va bilimga chanqoqliklikdagi shijoatingiz sizni tark etmasin.